Hakim Termiziy xalqaro turniriga tayyorgarlik yakunlanayotgan tarixiy kunlar arafasida baraka yomgʻirini ergashtirib, alpomishu barchinoylar yurti – Surxondaryoga otlandik. Erali Mahmarasulov, Abdulla Tangriyev, Rinata Ilmatova singari milliy kurash va dzyudo boʻyicha jahon hamda Osiyo chempionlari yetishib chiqqan ona yurtimga borsam, albatta, Termiz otani ziyorat qilmoqchi edim. Safarim qaridi hamki, bu dunyoning tashvishlari hech yoʻl beray demasdi. Taassufli bir xayol oʻrtadi: “Tezroq qaytish kerak!”.
Daraxtlar boshini sarak-sarak qilib, yomgʻir ham chelaklab quya boshladi. Bir safar Toshkentdan qaytayotib, selda qolganimiz, biz chiqqan mashina pastqam yoʻl oʻrtasida bir muddat taqqa toʻxtaganiyu kutilmaganda polvonlarday kuchli shasht bilan sel domidan otilib chiqqani koʻz oʻngimda gavdalandi – Xudo bir asrovdi oʻshanda. Haydovchi ham orqa oʻrindiqqa tez-tez qarab qoʻyadi, ammo xavotirga oʻrin yoʻq. Chunki hozir u yoʻllardan asar ham qolmagan; bevosh sellar ham allaqachon jilovlanib, Boysunga ming yilda kelmagan suvlar kelib qolgan. Shunga qaramay, ob-havo baribir ob-havo-da.
– Boysunga burilaymi? – nihoyat soʻradi haydovchi.
Kutilmaganda niyatimiz bir joydan chiqdi:
– Imom Termiziyni ziyorat qilamiz, Sherobodga haydang, – dedi yoʻldoshlarimizdan biri. – Bu kecha Termizda qolib, ertaga uchamiz.
Birdan yuragim yorishib ketdi: yoʻlimiz ham, koʻnglimiz ham bir joydan chiqdi-da. Aslida oʻtmishga koʻrsatilgan yuksak ehtirom – kelajakka, ilm-fanga, milliy qadriyatlaru jismonan va maʼnan barkamol shaxs tarbiyasiga qaratilgan eʼtiborning bir koʻrinishidir. Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, adabiyot va sanʼatni, sportni kelajak avlodning sogʻlom turmush tarziga chuqur singdirishga qaratilgan besh tashabbusidan koʻzlangan maqsad ham kelajak avlodning intellektual salohiyatini oshirishdan iborat. Biz ham ayni maqsadda ijodkorlar, yoshlar, maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ziyo-maʼrifat ulashish, kitobxonlikni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilishga bel bogʻlagandik. Ezgu safar evaziga ziyorat ham nasib qilyapti.
Buni qarangki, ziyoratgohga yetishimiz bilan havo ham ochilib ketdi. Goʻyo ona tabiat muhaddislar sultonini ziyorat qilmay ketolmasligimizni qayta-qayta uqtirdiyu biz ham bu ishoratni ilgʻagan alfozda ichkariladik. Sogʻinchu intizorlik, chuqur ixlosu eʼtiqod bilan Termiziy bobomiz qabri qoshida muazzam qiroatga some ekanmiz, buyuk muhaddis janob paygʻambarimizdan: “Olimni yoʻqlagan meni topadi” degan mashhur hadisni rivoyat qilgandek boʻldi. Oʻylanib qoldim: “Olim tinmay oʻziga – ilmga chorlayotgan boʻlsachi?!” Banogoh bu yerdagi beqiyos oʻzgarishlarni – oʻtmishga ehtirom shaklidagi kelajakka eʼtiborni koʻrib, qandaydir koʻnglim toʻlgandek, ruhiyatim ham tiniqlashgandek edi.
– “Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy” ziyoratgohi 2018-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta rekonstruksiya qilindi, – dedi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali direktori Qayum Boymirov. – Hozirgi manzara oldingisining tamomila aksi. Yoʻl-yoʻlakay boshqa tumanlardagi bunyodkorlik ishlarini ham koʻrgandirsiz?! Surxondaryo kundan-kun oʻzgarib boryapti. Viloyat xuddi qayta yozilayotgan kitobga oʻxshaydi.
Darhaqiqat, biz bu kitobni dastlab boshidan oxirigacha, keyin oxiridan boshigacha oʻqib chiqdik. Yaʼni Termizdan Uzungacha, Uzundan yana Termizgacha boʻlgan masofani bosib oʻtib, chor-atrofga koʻz yugurtirdik – bosh-adoq ilm-fanning mahsuli boʻlmish yakkash manzara: bunyodkorlik, bunyodkorlik va yana bunyodkorlik. Zamonaviy inshootlar – bozorlar, madaniyat saroylari, oʻquv dargohlari, shifoxonalar – hamma-hammasi yomgʻir pardasi ostida xuddi Navroʻz sayliga chiqqan kelinchaklarday saf tortib turibdi.
– “Sunani Termiziy” bormi? – denovlik tadbirkor Islom Xudoyberdiyevning tuyqus savoli birdan hammani hushyor torttirdi. Koʻngildagidek javob boʻlmagach, bosh chayqadi. – Menda bir nusxa bor. Opkelib beraman. Termiziy boboning kutubxonasida oʻz kitobi turishi kerak. Axir, bu yerga butun dunyodan ziyoratchilar keladi-ku.
Darvoqe, alpqomat shu yigitning oʻziyam bir kitob: darvoqe, uning “Chagʻoniyon” degan uch qavatli zamonaviy kutubxonasi bor. Islom Xudoyberdiyev chet eldan turli manzarali va mevali daraxt urugʻlarini keltirib, Denov tumanidagi 32 gektar maydonda undirish va mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan koʻchatlarni qoʻshni davlatlarga eksport qilish bilan ham shugʻullanadi. Yaqinda Angor tumanidan 186 gektar yer olib, ikkita xoʻjalik traktori va bitta artezian qudugʻi kovlaydigan “buravoy texnika” xarid qildi. Maqsad — suv chiqarib, yarimchoʻl qoʻynida ulkan bogʻ yaratish; lalmi yerga ishlov berib, koʻchatlar orasida dehqonchilik qilish. Ayni vaqtda ishlar jadal – 40 gektar maydondagi anor va shaftoli koʻchatlari barq urib, koʻklab turibdi.
Suv bor joyda hayot ham, roʻshnolik ham boʻladi.
Yodingizda boʻlsa, Prezidentimiz 2019-yilda Sariosiyo tumanidagi Toʻpolang GESga tashrif buyurgandi. Tarixiy tashrif chogʻida belgilangan qator vazifalardan biri “Zarchob-1 kichik GES” istiqbolli loyihasini amalga oshirishdan iborat boʻlib, oʻrnatilishi rejalashtirilgan ikkita agregatning umumiy quvvati 37,4 MVt.ni tashkil etishi lozim edi. Joriy yilning 3-aprel kuni mazkur inshootning qurilish-montaj, sozlash va sinovdan oʻtkazish hamda avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan holda boshqarish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 2-maydagi “2017–2021-yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 19-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari mazkur loyiha roʻyobiga huquqiy asos boʻlib xizmat qildi.
Manbalarning tasdiqlashicha, GES bilan bir vaqtda Zarchob podstansiyasi ham foydalanishga topshirilgan. Bu podstansiya zamonaviy aqlli texnologik qurilmalar bilan jihozlangan boʻlib, Zarchob-1, Zarchob-2, Toʻpolang, Gulcha hamda Regar podstansiyalarini yagona energotizimda birlashtiradi.
Ravshan Boyqulovning soʻziga koʻra, amaldagi yilning sentyabr-oktyabr oylarida yana bir istiqbolli loyiha – “Zarchob-2 kichik GES”i ham foydalanishga topshiriladi. Ayni paytda esa, “Zarchob-3 kichik GES”ining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Toʻpolang daryosining yuqori qismida qurilishi belgilangan Mizot hamda Kishtut GESlariga olib boruvchi 30 kilometrlik yoʻlning ham uchdan bir qismi yotqizilgan.
Vaholanki, bu zamonaviy Oʻzbekistonda elektr energiyasi tarmogʻini jadal rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga eʼtibor qaratish, xususan, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish maqsadida olis togʻli tumanda amalga oshirilayotgan ishlardan bir chimdim, xolos. Qolaversa, bu hamrohimiz Qayum domla “qaytadan yozilayotgan kitob”ga qiyoslagan Surxondaryo viloyatining yangi sahifalari zarhal harflar bilan bitilayotganidan, taʼbir joiz boʻlsa, vaqtida oʻn yillab chiroqqa zor boʻlgan voha ahlining yorugʻlikka chiqqanidan dalolatdir.
Bunday teran haqiqatlarni koʻrish, anglash va yurakdan oʻtkazib boshqalarga ham koʻrsatish, yaʼni faol targʻib qilish har bir jurnalist, yozuvchi-shoirning ona Vatan oldidagi farzandlik burchidir. Zero, qalam sohiblarining zamondan orqada qolishga aslo haqqi yoʻq. Ayniqsa, chekka hududlarda yashab ijod qilayotgan, 3-4 tadan kitob chiqargan yozuvchi-shoirlarni uyushma aʼzoligiga qabul qilish, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda jipslashtirish orqali maʼnaviy-maʼrifiy targʻibotni kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Maʼnaviy hayotimizda katta rol oʻynaydigan masʼuliyatli vazifani ado etish uchun yoʻlga tushganlar dastlab Termiz shahriga borib, bir guruh ijodkorlar bilan uchrashdi.
Doʻstona muloqot ruhida kechgan tadbirda yangilanayotgan Oʻzbekistondagi bugungi shiddatli jarayon, yangilanish va tub oʻzgarishlar hamda adabiyot rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar xususida soʻz bordi. Uyushmaning Surxondaryo viloyati boʻlimi rahbari Mengnor Ollomurodov hamda ijodkorlardan Shavkat Pardayev va Safar Omon soʻzga chiqib, bugungi Surxon adabiy muhiti, ustoz-shogirdlik anʼanalari va adabiy jarayondagi muammolar haqida toʻxtaldi. Tezkor zamon har bir ijodkordan nafaqat yozuvchi-shoirlik, balki fuqarolik pozitsiyasini ham mustahkamlab, barcha islohotlarda faol ishtirokchi va targʻibotchi boʻlishni talab qilayotgan ayni paytda muallaq gaplar bilan emas, chinakam vatanparvarlik ruhi bilan yashab, el-yurtga sidqidildan xizmat qilish lozimligi taʼkidlandi. Samimiy bahs-munozaralar mushoiraga aylandi: “Surxon” hamda “Ilhom” adabiy klublari qalamkashlari oʻz sheʼrlaridan namunalar oʻqidi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid toʻqqiz nafar surxondaryolik ijodkorga uyushmaning aʼzolik guvohnomalarini topshirdi.
Safar davomida maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvlar ham oʻtkazildi. Iqtidorli yoshlar ustozlarning adabiyot va sanʼatga oid fikr-mulohazalari, mahorat saboqlaridan bahramand boʻldi. Samimiy muloqot yana mushoiraga aylandi. Yoshlar taniqli oʻzbek shoirlari, shuningdek, oʻz ijodlaridan namunalar oʻqidi. Kutubxonalarga kitoblar topshirildi.
– Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Usmon Azim, Odil Yoqubov, Tohir Malik, Said Ahmad, Muhammad Yusuf, Toʻra Sulaymon, Amirqul Poʻlkan, Xosiyat Rustamova singari shoir-yozuvchilarning asarlari kutubxonamizni yana-da boyitdi, – dedi Sariosiyo tumanidagi 45-maktabning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Mehrangiz Safarova. – Bu kitoblar nafaqat maktabimiz oʻquvchilari, balki biz oʻqituvchilar, qolaversa, mahalliy aholi uchun ham zoʻr maʼnaviy sovgʻa boʻldi. Chunki bunday kamyob asarlarni izlab-topish qishloq sharoitida har doim ham nasib qilavermaydi.
Targʻibot tadbirlaridan bir dunyo taassurotlar bilan qaytdik.
Parvoz chogʻi bulutlar orasidan muhaddislar beshigi boʻlmish Surxon vohasining husn-jamoliga boqar ekanman, safar tafsilotlarini qayta-qayta ong chigʻirigʻidan oʻtkazib, koʻnglimdagi yorqin haqiqatning amaliy isbotini oʻz koʻzim bilan koʻrgandek boʻldim.
Shuhrat AZIZOV,
jurnalist