Test sinovlari respublikamiz boʻyicha, jami 40ta obyektda (stadionda) tashkil etiladi. Shunda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun 6 ta, Fargʻona viloyatida ham 6 ta, Samarqand, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida 4 tadan, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 tadan, Sirdaryo, Navoiy viloyatlarida 2 tadan hamda Jizzax, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 1 tadan joy belgilangan.
Test oʻtkaziladigan aniq manzillar qoʻshimcha ravishda OAV orqali eʼlon qilinadi. Stadionlarga kirish alohida joriy qilingan nazorat oʻtkazish postlari orqali tashkil etiladi. Hududda postlarga olib keluvchi yoʻnalishni koʻrsatuvchi alohida va qulay yoʻllanmalar qoʻyiladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan hududlarga kirish joylarida dezinfeksiya yoʻlaklari tashkil etilib, ishtirokchilarning tana haroratini oʻlchash va antiseptik vositalar bilan taʼminlash ishlari bajariladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan joylarning barchasi video kuzatuv kameralar bilan jihozlanadi.
Xavfsizlikni taʼminlashga yetarli darajada Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari, turgʻun va qoʻlda olib yuruvchi metallodetektorlar, transport va aloqa vositalari hamda xizmat itlari jalb etiladi. Favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida har bir kuch ishlatar tizimida xizmatga jalb etish uchun zaxira kuchlari shakllantiriladi.









