Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan korxona “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning “Energiyasavdo” filiali harakatlaridan norozi boʻlib, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga murojaat qilgan.

Olib borilgan oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, hisobga olish uskunasi hududiy elektr tarmoqlari tomonidan oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, undagi ikkilamchi zanjirlar notoʻgʻri ulangan. Natijada, texnik xatolik sababli isteʼmolchiga oxirgi uch yil uchun 1 milliard soʻmdan ortiq qoʻshimcha toʻlov hisoblangan.

Shu bilan birga, mazkur xatolik yangi tahrirdagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”da nazarda tutilgan boʻlib, eski tahrirda qayd etilmagan. Bundan tashqari, hisoblagichga toʻgʻri ulangan subisteʼmolchining koʻrsatkichlari ham hisobdan chegirilmagani maʼlum boʻldi.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga koʻra, ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektning isteʼmolchilar huquqlarini kamsituvchi yoki ortiqcha haq undiruvchi harakatlari ustun mavqeni suiisteʼmol qilish sifatida baholanadi va taqiqlanadi.

Shu asosda hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan qonun buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatildi. Ishni koʻrib chiqish natijasiga koʻra, isteʼmolchiga asossiz hisoblangan 1 milliard 97 million soʻmni qayta hisob-kitob qilish, qonunbuzarlikni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shuningdek, taʼminotchining elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga amal qilganligiga baho berish maqsadida tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Maʼlumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning qarori yoki koʻrsatmasidan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.