Tibbiy maʼlumotnomalar elektron shaklda beriladi

    Raqamlashtirish 7 Fevral 2023 1158

    Prezident farmoni loyihasiga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan tibbiy maʼlumotnomalarni qogʻoz shaklda talab qilish taqiqlanadi.

    Prezident farmoni loyihasiga muvofiq, aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:

    ▫️2023-yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;

    ▫️vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalar berilishini bosqichma-bosqich elektron shaklga oʻtkazish.

    Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy maʼlumotnomalar:

    - Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023-yil 1-iyuldan;
    - Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023-yil 1-oktyabrdan;
    - respublikaning boshqa hududlarida – 2024-yil 1-yanvardan elektron shaklga oʻtkaziladi.

    Shunga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan tibbiy maʼlumotnomalarni qogʻoz shaklda talab qilish taqiqlanadi.

    2023-yil 1-iyuldan Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etiladi.

    Aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati yoʻlga qoʻyiladi.

    Harakat doirasida aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida oʻz sogʻligʻi va ovqatlanishini nazorat qilishni oʻrgatish, toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha mobil ilova yaratish nazarda tutilgan.

    Ushbu havola orqali Farmon loyihasi muhokamasida faol ishtirok eting: https://regulation.gov.uz/oz/d...