Zamon shiddat bilan yangilanmoqda. Tibbiyot ham bundan mustasno emas. Bugungi shifokordan nafaqat anʼanaviy bilimlar, balki chuqur ilmiy tafakkur, tahliliy yondashuv, raqamli savodxonlik va eng soʻnggi texnologiyalardan unumli foydalanish kompetensiyalari talab etilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, tibbiy taʼlim jarayonida biofizika va axborot texnologiyalari kabi fundamental fanlarni samarali oʻqitish va amaliyot bilan chambarchas bogʻlash davrning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Biofizika tirik organizmlarda kechadigan murakkab jarayonlarga fizik qonuniyatlar orqali yondashuvdir. Bu fan organizmning funksional holatini aniqlik bilan tushunish, kasalliklarga tashxis qoʻyishning zamonaviy usullarini yaratish, samarali fizioterapiya muolajalarini ishlab chiqish va tibbiy asbob-uskunalardan toʻgʻri foydalanish uchun mustahkam nazariy zamin yaratadi. Afsuski, kuzatuvlar aksariyat talabalar biofizikani quruq nazariy tushunchalar yigʻindisi sifatida qabul qilishini koʻrsatadi. Vaholanki, kundalik amaliyotda keng qoʻllaniladigan elektrokardiografiya (EKG), ultratovush tekshiruvi (UTT), rentgen diagnostikasi, magnit rezonansli tomografiya (MRT) kabi ilgʻor diagnostika texnologiyalari aynan biofizik tamoyillarga asoslanadi. Shu bois, bu fanni qiziqarli va hayotiy misollar, zamonaviy simulyatsion dasturlar, videoanimatsiyalar va eng muhimi, real klinik holatlar tahlili orqali oʻqitish yosh mutaxassislar dunyoqarashini kengaytirish va amaliy koʻnikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Universitetimizda aynan shu kabi innovatsion yondashuvlar joriy etilayotgani quvonarli. Talabalarda fanga qiziqish ortib, nazariy bilimlar amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, boʻlajak shifokorlarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Raqamli transformatsiyalar asrida tibbiyot sohasini axborot texnologiyalarisiz tasavvur etish mushkul. Elektron tibbiy yozuvlar (EHR), kasalliklarni sunʼiy intellektga asoslangan holda barvaqt aniqlash va tashxis qoʻyish tizimlari, tibbiy statistika maʼlumotlarini tahlil qilish, klinik qarorlarni qabul qilishni qoʻllab-quvvatlovchi intellektual platformalar — bularning barchasi zamonaviy shifokor faoliyatining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Biroq bu sohada ham oʻziga yarasha muammo va qiyinchiliklar yoʻq emas. Jumladan, talabalarning dastlabki IT savodxonligi darajasi turlichaligi, dasturlash asoslari va algoritmlash koʻnikmalari yetarli emasligi, baʼzan esa IT fanlari bevosita tibbiy kontekstdan ajratilgan holda oʻqitilishi kabi holatlar uchrab turadi. Mazkur muammolarni samarali bartaraf etish maqsadida tibbiy taʼlim dasturlariga elektron sogʻliqni saqlash tizimlari, klinik maʼlumotlar tahlili va tibbiyotda sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus oʻquv modullarini integratsiyalash, talabalarning real tibbiy axborot platformalarida amaliy mashgʻulotlar oʻtashini taʼminlash orqali ularning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, shuningdek, oʻquv jarayoniga nafaqat tibbiyot va pedagogika sohalari mutaxassislarini, balki yuqori malakali IT ekspertlarini ham jalb qilgan holda fanlararo oʻqituvchilar jamoasini shakllantirish kabi innovatsion yondashuvlarni amaliyotga keng joriy qilish maqsadga muvofiq.
Bugun minglab bitiruvchilar hayotining yangi, yorqin sahifasini ochayotgan kunda biz, ustozlar ularga nafaqat puxta bilim, balki keng dunyoqarash, zamonaviy texnologiyalarni egallash koʻnikmalarini berishga ham masʼulmiz. Biofizika va axborot texnologiyalarini yuzaki yoki anʼanaviy usullarda oʻrgatish ertangi kunning murakkab talablariga javob bera olmaydigan, raqobatbardoshlik xususiyati yoʻq shifokorlarni tayyorlash bilan barobardir. Shu bois, bu fanlarga tibbiy taʼlimning shunchaki qoʻshimcha elementi emas, balki uning tayanch poydevori sifatida qaralishi va zamon talablariga mos ravishda takomillashtirib borilishi ayni muddao. Bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarimiz bugungi bitiruvchi yoshlar kelajakda chinakam maʼnoda zamonaviy, yuksak texnologik savodxonlikka ega, oʻz kasbining ustasi, qolaversa, insonparvar va vataniga sidqidildan xizmat qiluvchi shifokorlar boʻlib yetishishi yoʻlida qoʻyilgan muhim qadam boʻladi, desak adashmaymiz.
Murotali BOZORBOYEV,
Toshkent davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri,
fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent
Hamkorlik materiali









