Darhaqiqat, tana sogʻlom, ruh tetik boʻlsa, har qanday yumushni uddalash va muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin. Olimlarning aytishicha, aholi salomatligini mustahkamlashning 10 foizi tibbiyot xodimlariga bogʻliq boʻlsa, qolgan 90 foiziga profilaktika orqali erishiladi.
Shu yilning 6-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tibbiyot tizimida mavjud muammolarning kelib chiqishida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda xizmat koʻrsatishning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani sabab qilib koʻrsatildi. Buning natijasida aholi toʻgʻridan-toʻgʻri ularga emas, markaziy poliklinika yoki klinikalarga murojaat qilmoqda. Tor doiradagi shifokorlarning asosiy vaqti maslahat berish bilan oʻtayotgani tibbiyot tizimidagi xiyonat deb baholandi.
Darhaqiqat, bugungi kunda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismi tibbiyot tizimi va undagi kamchiliklar bilan bogʻliq. Aksariyat hududlarda ixtisosligi mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan, xotin-qizlar, erkaklar va hatto bolalarga ham maslahatlar berayotgan shifokorlar faoliyat yuritayotgani sir emas. Ayni shu holat aholi noroziligiga, tibbiy xizmat koʻrsatish sifati tushishiga sabab boʻlmoqda. Markaziy poliklinikalarda haligacha turnaqator navbatlar mavjud, Elektron navbat joriy etilmas ekan, bu muammo saqlanib qolaveradi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda respublika boʻyicha bir yilda 23 ming bemor gipertoniyadan, 7 mingi infarktdan, 5 mingi qandli diabetdan, 3,6 ming nafari esa insultdan vafot etgan. Bu esa birlamchi tibbiy xizmatda kasallikning oldini olish, uni erta aniqlash va oʻz vaqtida davolash choralari koʻrilmayotgani natijasidir.
Afsuski, bugun koʻp hududlarda quyi boʻgʻin borligi emlash yoki tibbiy maʼlumotnoma kerak boʻlgan paytdagina bilinyapti. Biriktirilgan hududdagi aholining umumiy holati, kasallik turlari va soni boʻyicha aniq maʼlumot bera olishmaydi.
Davlatga tegishli boʻlgan ayrim tibbiy punktlarda bepul xizmat belgilanganiga qaramay, pullik xizmat koʻrsatilgani haqida maʼlumotlar bor. Bu esa aholi noroziligini keltirib chiqaradigan, muammolar avj olishiga sabab boʻladigan, kasalliklar koʻpayishiga imkon beradigan holatdir. Demak, aholining tibbiy madaniyati haqida gapirishdan oldin tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini oshirish zarur.
Nazir SOBIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati