Mana shunday oʻrganishlar Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasida ham olib borildi.

Oʻrganishlar jarayonida tibbiyot birlashmasining bemorlar uchun issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxonasidagi achinarli holatlar eʼtiborni tortdi. Oshxonada amaldagi sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan sharoitda ovqat tayyorlanmoqda. Jumladan, shifoxonada davolanayotgan bemorlar sonidan kelib chiqib taomnoma tasdiqlanmagan, oshxona xizmatchilari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmagan.

Oshpazlarning amaldagi ovqat tayyorlash qoidalariga amal qilishi va maxsus kiyim-kechak bilan taʼminlangani, qolaversa, tayyorlangan ovqatning sifati xususida gapirmasa ham boʻladi. Bemorlarga ovqat tayyorlash maqsadida saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ochiq holda, sanitariya talablariga zid tarzda saqlanmoqda. Kasallik organizmni kuchsizlantiradi. Bemor kuch-quvvat toʻplashi va tezroq davo topishi uchun uni maxsus parvarish qilish lozim. Bemorni parvarishlash odatda davolashning eng muhim qismidir. Bemorga dorilar hamisha ham zarur boʻlavermaydi.

Lekin yaxshi parvarish va foydali ozuqa doim muhim. Ushbu shifoxonaga tushib, tibbiy xizmatlaridan foydalangan bemorning ahvoli esa ogʻirlashsa ogʻirlashadiki, hech qachon yaxshilanmasligi aniq. Oshxonadagi achinarli holatlar yuzasidan Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi O.Shaymanovdan izoh soʻralganda, shifoxonada davolanayotgan bemorlarga zaruriy tayyor ovqat yetkazib berish boʻyicha autsorting xizmati yoʻlga qoʻyilgani, 2020-yilning 31-dekabriga qadar tumandagi “Karnaytepa” ishlab chiqarish va savdo firmasi ovqat tayyorlash xizmati koʻrsatib kelgani, 2021-yilning 21-yanvaridan “Elegant MB” MCHJ autsorting xizmatini koʻrsatish boʻyicha tanlov gʻolibi deb topilgani, biroq tibbiyot birlashmasi bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan “Karnaytepa” ishlab chiqarish va savdo firmasi oʻzboshimchalik bilan bemorlarga ovqat tayyorlashni davom ettirib kelinayotgani maʼlum qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida bemorlarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish koʻzda tutilgan. Qaror ijrosini Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasida taʼminlashga nima xalal bermoqda? Tegishli mutasaddilardan ushbu savolga javob kutib qolamiz.

Norqizil BOTIROV,

Chiroqchi tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati raisi