Hammalari ham oʻzbek tilini suyib gapirishmoqda, ardoqlab gapirishmoqda, tilni mute qilmoqchi boʻlganlardan kuyib gapirishmoqda, yonib gapirishmoqda. Ularning hammasida milliy gʻururni koʻrasiz, milliy oʻzlikni koʻrasiz, iftixorni koʻrasiz. Eng muhimi, ommaviy axborot vositalarini titratib, ijtimoiy tarmoqlarni yorib yangrayotgan bu ovozlarda MILLIY BIRLIKni koʻrasiz, YAKDILLIKni koʻrasiz! Millat uchun kuyunchaklikni koʻrasiz! Dunyoga oʻz soʻzi bilan yuzlanish ishtiyoqi, zavqi, shiddatini koʻrasiz! Bu qanday yaxshi! Bu qanday soz!

Biz bagʻrikeng xalqmiz. Diniy bagʻrikenglik, millatlararo bagʻrikenglik bor bizda. Shomahmudovlar timsolida dinini ayirmay, tilini ayirmay, turli millat vakillarini bagʻrimizga bosgan xalqmiz. Oʻzgalar tilini tahqirlamagan holda, oʻz tilimizni qadrlagan, oʻzga tilni behurmat qilmay turib, oʻz tilimizni eʼzozlagan elmiz!

Qachonlardir kimdir gʻururimiz sari oyoq qoʻygan boʻlsa, ana shu MILLIY BIRLIK yigʻlagan boʻlsa kerak. Xonliklar orasiga nifoq solib, milliy birlikni parokanda qilishga muvaffaq boʻlgachgina yurt mustamlakachilikka yuz tutgani ham bizga ayon.

Ilohim, shu birligimiz, yakdilligimiz yoʻqolmasin!

Men til haqda soʻz bitayotganda, onam haqida, otam haqida, Vatan haqida yozayotganday boʻlaman. Bolaligim, oʻzim haqimda, gʻururim haqida yozayotganday boʻlaman. Xoʻsh, milliy til nima oʻzi? Bu jahon sahnida millatning yashamogʻi unga qay darajada bogʻliq? Biz milliy qadriyatlar, milliy oʻzlik, ularni asrab-avaylash haqida kuyinib gapiramiz. Aslida ularni ajdodlardan avlodlarga olib oʻtguvchi ham, ularning borligini ayon qilguvchi ham, moziyni kelajakka yetaklab kelguvchi ham til emasmi?

Keling, mutaxassislar tomonidan oʻrganilgan ayrim raqamlarga qarab koʻraylik. Aytishlaricha, dunyoda toʻqqiz mingga yaqin til mavjud boʻlgan ekan. Bu tafakkur doirasida oʻrganilgani. Ehtimol, ilgari undan ham koʻp boʻlgandir. Bugungi manbalarning ayrimlari hozir olti mingga yaqin til borligini, ayrimlari 5600 atrofida ekanligini qayd etishmoqda. Bu qaydlarning turlicha ekanligiga ham sabab bor: bugun bir oyda ikkita til talaffuzdan chiqib ketmoqda ekan. Bu nima degani? Har oyda ikkita til – hech kim soʻzlashmaydigan tilga aylanayotgani, “oʻlik” tillar safiga qoʻshilayotgani, degani.

Umuman olganda, tillar nega yoʻqoladi? Buning bir necha sabablari bor. Birinchisi – mustamlakalik. Bir bosqinchi millat ikkinchisini mavh etgach, milliy yozuvi, atamalari, milliy anʼanalari kabilarni yoʻq qilish singari turli usullar bilan qoʻl ostidagi mamlakatga oʻz tilini singdirishi. Tarixda bunday holatlar, afsuski, koʻplab sodir boʻlgan. Ikkinchisi, ekologik migratsiya tufayli bir xalqning boshqa hududga koʻchib oʻtib, asta-sekin borgan joy tilida soʻzlasha borishi oqibatida oʻz tilini unutishi. Uchinchisi, maʼlum bir tilda soʻzlashuvchi xalqning zavol topishi, qirilib ketishi. Tili bor-u, yozuvi boʻlmagan xalqlarning tili ham yoʻqolishga mahkum boʻlishi mumkin. Masalan bugun turli tilda soʻzlashadigan Afrika xalqlarining sakson foizi yozuviga ega emasligini qayd etishadi mutaxassislar. Til saqlanib qolishi uchun unda kamida million odam soʻzlashishi kerak, deya eʼtirof etishadi yana shu mutaxassislar va mana shunday tillar bugun olti mingning orasida ikki yuz ellik nafarnigina tashkil etarkan. Shu ikki yuz ellik orasida bizning tilimiz ham bor! Olti ming ichidan faqat ikki yuziga davlat tili maqomi berilgan ekan. Shu ikki yuz orasida ham bizning til bor!

Yana bir maʼlumotni oʻqib qoldim. Rossiyalik M.Kozlyanina degan lingvist olima bor ekan. U tilimiz haqida oʻrgana turib, bu tilning juda nafis, musiqa ohangidek jozibali ekanini eʼtirof etibdi. Bu eʼtirofdan xursand boʻlasiz albatta! Lekin, tilimiz qoʻpol boʻlganida uni sevmay qoʻyarmidik? Abdulla Oripov: “Yurtim, seni boyliklaring-chun Sevgan inson boʻlsa kechirma aslo”, degan edi. Tilimiz qoʻpolmi, jozibalimi, boymi, qashshoqmi, nima boʻlganda ham, biz shu tilda ilk soʻzimizni aytganmiz. Shu tilda alla eshitganmiz. Ota-bobolarimiz, onalarimiz shu tilda soʻylashgan. Oʻz taʼbiri bilan aytganda, u ONA TILimiz!

Darvoqe, tilning boyligi xususida. Abdulla Qodiriy oʻz zamonida “oʻzbek tili kabagʻal til emas, uni kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini tilimizga toʻnkamasinlar”, degan ekan. Darhaqiqat, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgach, besh jilddan iborat oʻzbek soʻzlari izohli lugʻati tuzilgan boʻlib, unga sakson mingdan ortiq soʻz jamlangan. Bunisi hali holva. Taniqli yozuvchimiz Oʻtkir Hoshimovning qayd etishicha, olimlar buyuk yozuvchi va shoirlar soʻz boyligini sarhisob qilgan ekanlar. Natijada, Pushkin 21197ta soʻz qoʻllagani, Shekspirda bu raqam 20 mingga yaqinlashgani maʼlum boʻlgan. Navoiyning faqat turkiydagi (forsiy va arabiy soʻzlar mustasno) 26 mingta ekan! Bu tilda har qanday voqelikni mukammal ifoda etish, har qanday badiiy asarni sayqallantirish mumkin! Masalan, rus tilida “uyat” maʼnosini anglatuvchi “stыd” soʻzi bor. Toʻgʻri, “pozor” soʻzini ham bu yerda eʼtirof etish mumkin, ammo u koʻproq “sharmanda” maʼnosini anglatadi. Mana shu “uyat” soʻzning oʻzbek tilida qancha maʼnodoshlari borligini bilasiz: “or”, “nomus”, “hayo”, “ibo”, “sharm”, “izza”, “uyalish”, “qimtinish”, “tortinish” va hokazo. Bir qarashda ular sinonimlarga oʻxshaydi, ammo ularning har biri uyalmoqning qaysidir darajasini ifodalaydi. Fikrimizni ifodalashda qayerdadir “tortinish” soʻzi mos tushsa, qayerdadir “qimtinish” soʻzi “yeydi”. Koʻrdingizmi, mana shu yerda ham “mos tushadi” soʻzi oʻrnida “yeydi” soʻzi “yedi”! Men bu bilan rus tilini kamsitmoqchi emasman, aslo! Bunga haqqim ham yoʻq. Shunchaki, oʻzbek tili – onamning tili, ona tilim, uni onamday yaxshi koʻraman.

Gohida hayron qolaman, mana shunday boy tilimizdan soʻz topolmay, ayrim millatdoshlarimiz fikrlarini ifoda etishda boshqa tildagi soʻzlarni qoʻllaydilar. Uzoqqa bormay, hajv yozuvchimiz Habib Siddiqning Amerikadan oʻzbek tilini bilgan holda, endi oʻzbekcha urf-odatlarni ham mukammal oʻrganish uchun kelgan “Amerikalik qoʻshnilar” haqidagi hajviyasiga yuzlanaqolaylik, negaki u aynan hayotimizdan olingan:

«...— Biz odatda huv anovi perekrestkadan banyaning oldigacha aytamiz.

Qoʻshnim(amerikalik) hech narsa tushunmadi.

— Hammomning deng, — eslatdi xotinim. Darrov gapimni oʻngladim.

— Chorrahadan hammomgacha.

Shundagina gapimni anglagan mallavoyning yuz-koʻzida tabassum zohir boʻldi.

— Uchastkavoyniyam aytib qoʻying, — dedim.

— Kimvoy, — hayron boʻlib soʻradi u(amerikalik qoʻshni). Yana tilimni tishladim.

— Ha, anovi nozirimizni aytaman-da.

Bunaqa hollar tez-tez takrorlanadigan boʻp qoldi. Oʻz yurtida sof oʻzbek tilini ixlos bilan oʻrgangan qoʻshnilarimizga chetdan kirib qolgan soʻzlar guruchdan chiqqan toshdek gʻashga tegardi. Sal oʻylabroq gaplashmasak, boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Har gal gapimni anglatishga qiynalganimda, xijolatdan ter bosadi. Rus maktabida oʻqigan, koʻp qavatli uyda oʻsgan xotinimni-ku asti qoʻyaverasiz:

— Qanaqa odamlar oʻzi, a? “Obed” desang tushunmasa. “Dom kultura”ni bilmasa. “Optom”i nimasi, deganiga oʻlaymi?.. Naq davleniyam koʻtarilib ketadi-da!..»

Haqiqatan ham hammamizga tanish holat, hammamizga tanish soʻzlar. Aslida tilimizga xorijiy soʻzlarni aralashtirib gapirish – ona tilga behurmatlikdan boshqa narsa emas.

Endi yaqindagina boʻlgan holatni eslang: ingliz tilini bilishini isbotlaydigan “patta”si boʻlmagani uchun koʻpgina bilimli yoshlar magistraturaga hujjat topshira olishmadi. Natijada ajratilgan yetti mingta oʻrin boʻsh qolib ketdi. Mantiqan olganda, bu toʻgʻrimi? Hatto, Sovet Ittifoqi davrida ham “rus tilini bilmasang, oʻqishga kirolmaysan”, deyishmagan. Oʻqishga kirishgandan soʻng darslarning rus tilida oʻqitilishi boshqa masala. Chunki oʻsha vaqti davlat tili – rus tili deb belgilangandi. Bizda-chi? Nega qaysidir sohaning yaxshi mutaxassisi, bilimdoni oʻz ona tilida biyron boʻla turib, xorijiy tilni bilmagani uchun oʻqishni davom ettira olmasligi kerak? Nima, biz Amerika yo Buyuk Britaniyaning mustamlakasimizmi? Yo ingliz tili ikkinchi davlat tili qilib belgilanganmi? Bu bilan men bolalarimizning til oʻrganishiga qarshiman, demoqchi emasman. Oʻnlab tilni oʻrganishsin, baraka topgurlar. Bundan faqat quvonamiz. Lekin “xorijiy tilni bilmasang, oʻz ona yurtingda, oʻz ona tilingda saboq beriladigan oʻquv yurtingga kira olmaysan”, deyish salla desa, kallani olishga oʻxshamayaptimi? Boshqacha aytganda, mana shuning oʻzi ham ona tilimizga behurmatlik emasmi? Yaqinda chet elga oʻqishga ketayotgan yoshlarni suhbatdan oʻtkazdik. Ingliz tili, fransuz tili, rus tilini suvday ichib yuborishgan. Savol bersang, masalan, “oʻzbek tiliga qachon davlat tili maqomi berilgan”, deb soʻrasang, ayrimlari, “oʻzbekchada qiynalaman, maylimi ruscha yo inglizcha javob bersam”, deyishdi. Shunda ularning millatini soʻradim. Sof oʻzbek. Rus maktabda oʻqigan, ingliz tili kursiga qatnagan. Bu tillarni bilishdan faxrlanadi. Lekin oʻzbek tilini yaxshi bilmaslikdan zarracha ham uyat hissini sezmadim. Hatto, ota-onasi oʻzbek boʻla turib, oʻzbekcha soʻzlarni inglizcha talaffuzda (r harfini yumshoq ifodalagan holda)ifoda etadiganlar ham boʻldi. Xoʻsh, oʻz ona tilini yaxshi bilmaydigan, uni hurmat qilmaydigan yoshlarni chetda oʻqitganda Vatan uchun nima naf topish mumkin, deging keladi.

Endi, shahar markazlariga borib, bir aylanib koʻring va qurilayotgan uylarga nazar soling: “Golden house”, “House near Tashkent”, “BUSINESS HOUSE RESIDENCE”, «Star House», “Better Best” kabi yozuvlarga koʻzingiz tushadi. Doʻkonlarga esa “Boutique” deb yozib qoʻyishibdi. Xoʻsh, shularga oʻzbekcha nom qoʻyib, oʻzbek tilida yozishsa, mahsulotlari oʻtmay qoladimi? Eng chet qishloqqa boring, birorta rus millatiga mansub inson yashamaydigan joyda ham gohida “dom prodayotsya”, deb yozib qoʻyishganiga guvoh boʻlamiz. Shu gaplarni yozayapman-u, endi bu soʻzlarni oʻzbekchaga oʻgiraman, deb qovun tushirishmasa boʻldi, deb oʻylayapman. Masalan, “mы otkrыlis” degan gapni oʻzbekchaga oʻgiringlar, desak, “biz ochildik”, deb yozib qoʻyishibdi. Axir tarjima soʻzma-soʻz amalga oshirilmasligini, bu gap maʼnosidan kelib chiqib, oʻzbekchaga “biz ish boshladik”, deb oʻgirilishini bilmas ekansiz, oliftalik qilib ruscha yozishga balo bormi, deging keladi. Bu xuddi, “seni yaxshi koʻraman(sevaman maʼnosidagi)” degan iborani “ya tebya xorosho viju” deb tarjima qilganday gap. Yoki hozir televizordagi hamma xususiy kanallarda beriladigan koʻrsatuvdan koʻproq aylanib yotgan reklamalardan biriga eʼtibor bering. Cholgʻu chalib oʻtirgan yigitning qoshiga kelib oʻrtogʻi “yana shuni oʻynayapsanmi?”, deyapti. Toʻgʻri, rus tilida “chalmoq” soʻzi» “igrat” deb ifodalanadi. “Gitara chalyapsan”, demoqchi boʻlsangiz, bu “igrayesh na gitare” deb aytiladi. Ayni damda “igrat” – “oʻynamoq” (futbol oʻynamoq – igrat v futbol) maʼnosini ham bildiradi. Reklamada esa, cholgʻu chalayotgan yigitga “yana shuni chalyapsanmi”, deyish oʻrniga “yana shuni oʻynayapsanmi”, demoqda. Toʻgʻri, cholgʻuni oʻynash ham mumkin, faqat yosh bolaning qoʻliga tushib qolsa, oʻyinchoq sifatida. Ammo bu yerda tarjimaga, meni maʼzur tutsinlar, mutlaqo savodsizlarcha yondashilgan.

E-he, bunaqa misollarni aytaversang koʻp. Umuman olganda, biz qayerda oʻzbekcha, qayerda xorijiy tilda yozish yoki gapirish lozimligini yaxshi bilib olishimiz kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil, 21-oktyabrdagi PF-5850 sonli Farmoniga asosan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Menimcha, Departament oldida amalga oshiriladigan vazifalar talaygina. Masalan, qanday holatlarda davlat tiliga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatilayotgani mezonlarini ishlab chiqish kerak. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 42 moddasida tilga, shuningdek, fuqarolarning tarbiya va taʼlim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda toʻsqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik — eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravariga jarima solishga sabab boʻladi, deyilgan. Mana shu “mensimaslik” deganda qanday holatlar nazarda tutilishi aniqlashtirish kerak. Nazarimda, magistraturaga oʻqish kirish uchun ingliz tilini bilishi toʻgʻrisidagi IELTS sertifikatining talab etilishi ham mana shu moddada nazarda tutilgan holatlar sirasiga kiradi.

Aslida ona tiliga nisbatan eʼtiborsizlik, hurmatsizlik bu – milliy gʻurur yetishmasligining belgisi. Milliy gʻururi soʻniq millatning kelajagi boʻlmaydi. Milliy gʻururi soʻniq millatda milliy birlik boʻlmaydi. Bizni bugungi yorugʻ kunlargacha yetaklab kelgan, oʻtmishimizni, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, ajdodlarimiz meroslarini asrlar silsilasidan olib oʻtgan, onamiz ovozida qulogʻimizga allalar quygan Ona tilimizni, Onajon tilimizni qadrlash har birimiz zimmamizdagi sharafli vazifadir!

Shahlo Ahrorova,

Falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori(PhD),

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

Ijtimoiy maʼnaviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi