“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” boʻlmaylik!

    Madaniyat 15 Oktabr 2020 23468

    “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” – ona tilimizga oid hikmatlar qatorida Hazrat Alisher Navoiy bobomizning ushbu naqlini har doim esga olamiz. Shunchaki esga olamiz, ammo amal qilmaymiz.

    “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” – Bu hikmatdan soʻng qanday tinish belgisi qoʻyish kerak (arab yozuviga asoslangan eski oʻzbek tilimizda tinish belgilar qoʻllanmagan)? Birgina nuqtaning oʻzi kifoya deb oʻylaysizmi?

    Gʻazal mulkining sultonining muxtasar hikmatlariga chuqur zehn solib koʻraylik va aziz yurtdoshlarimiz bunga qanday munosabatda boʻlishyapti — birgalikda muhokama qilaylik.

    Bobomiz oʻgitlarida kuyunchaklik va iztirob, hayotiy kuzatuvchanlik va alam qorishiqligiga eʼtibor berganmisiz? Masalan, “Odami ersang, demagil odami, Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, “Kim xoʻtuk birla kuchukka qancha qilsa tarbiyat, It boʻlur, eshak boʻlur, aslo boʻlmas odami”, “Boshni fido qilgʻil ato qoshigʻa, jismni qil sadqa ano boshigʻa”...

    “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz?” soʻroq belgisi qoʻysak qanday maʼno anglatadi? Yaʼni, oʻz tilini hurmat qilmaydigan, befarq va savodsiz odam el, millat qaygʻusi bilan yasharmidi? Agar afgor-ommaga bir narsani taqdim etuvchi odam eʼtiborli boʻlganida edi, shahar koʻchalaridagi afishalarda elni ranjitadigan xatoliklarga yoʻl qoʻyilmagan boʻlarmidi. Televideniye orqali uzatilayotgan koʻrsatuvlardagi xatoliklar noziktaʼb xalqimizni iztirobga solmagan boʻlarmidi. Ijtimoiy tarmoqlardagi qoʻpollik va savodsizliklardan kuyib yurmagan boʻlardik.

    “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz!” – undov belgisi bobomiz ruhiyatiga mos tushadi.

    “Soʻzi ulugʻning – oʻzi ulugʻ” deydi xalqimiz. Hazrat Navoiy – buyuk missiyani amalga oshira olgan inson. Oʻz taʼbirlari bilan aytganda: “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam!”.

    “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz!”. Beixtiyor, salmoqli qadam, salobatli soʻz egasi Abdulla Qahhor yodimizga keladi. “Nega yoʻl harakatini buzgan haydovchiga hushtak chalamizu, tilimizni buzganga hushtak chalmaymiz?”

    Dunyoda olti mingdan ziyod millat va elatlarning jonli tili mavjud. Maʼlumotlarga koʻra, 40ta tilgina mukammal shakllangan grammatikasiga ega. 40 taning ichida oʻzbek tilimiz ham bor. Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda.

    Bugungi globallashuv davrida oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash ustuvorligicha qoladi. Bu yil birinchi marta 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlaymiz. Endi davlat tilimizning nufuzi davlat siyosati darajasida monitoring qilib boriladi.

    Tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martda qabul qilingan 139-sonli “Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yana-da oshirish toʻgʻrisida”gi qarori ham ahamiyatlidir. Tilni ardoqlagan inson eʼzoz topadi, qadrlanadi.

    Odatiy suhbatlarimizda donishmandlar sandigʻiga beixtiyor nazar solamiz. Askiya va xandalarimiz har qanday dilning qulfini ocha oladi. Chunki bizning xalqimiz soʻzlashuvida samimiylik ustun. Xalqimiz yaxshini ham, yomonni ham duo qiladi, hech kimning koʻnglini oʻksitishni xohlamaydi. Dushmanni ham yovuzlikdan qurolsizlantiradigan muomala madaniyatimiz bor.

    Navoiy hazratlari bundan olti asr avval fors tilining dilbarligini inkor qilmagan holda oʻzbek tilimizning dilbarroq, jozibaliroq ekanligini isbot qilib ketgan. Biz Hazrat Navoiyga munosib voris boʻlaylik, tilimizni boyitaylik, nufuzi ortsa quvonaylik. Faqat buning uchun “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” boʻlmaylik!

    Alibek ERGASHEV,

    Namangan viloyati

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar

    boshqarmasi boshligʻi v.b.