Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.

2019-yil 21-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashkil etildi.

Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtardi.

Ammo, maʼnaviyat tarqatuvchi, aslida til qoidalarini puxta bilish kerak boʻlgan ayrim jurnalist va bloggerlarimizning tilga boʻlgan munosabati, stilistik va imlo xatolariga toʻla maqolalari kishini oʻylantirib qoʻyadi. Bu masalada Najot Nurning “Men jurnalist emasman, degan bahona oʻrinsiz, chunki siz ommaga axborot berayapsizmi, demak adabiy oʻzbek tilida muomala qilishingiz va yozishingiz shart”, degan fikriga mutlaq qoʻshilaman.

Bundaylarga nisbatan buyuk hazrat Alisher Navoiyning quyidagi hikmatli soʻzlarini aytging keladi:

“Tilga kuchi yeta olgan – donishmand

Soʻzga erk bergan – pastkash ahmoq”

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti va Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari hamkorligida Toshkent shahri tumanlarida “tashqi reklama va peshlavhalar” monitoringi oʻtkazilib, ularning “Davlat tili haqida”gi hamda “reklama toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga muvofiqligi muntazam oʻrganilib boriladi. Oʻrganish ishlari koʻchalardagi umumiy reklama va peshtaxtalar, bozorlardagi reklama va peshtaxtalar, oʻquv muassasalari, markazlari va kitob doʻkonlaridagi reklama va peshlavhalar, davlat tasarrufidagi tashkilot va korxonalardagi peshlavhalarni til qoidalariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida olib boriladi.

Oʻrganishlar jarayonida oʻzingizni Toshkentda emas, chet elda yurgandek his qilasiz. Shuncha targʻibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, hamon chet tildagi reklama va peshlavhalarni uchratasiz.

Ayniqsa, bolalarimizga ilmu-maʼrifat tarqatayotgan bilim maskanlari –ayrim oʻquv muassasalari, kitob doʻkonlaridagi reklama va peshlavhalar ham qusurlardan holi emas. Shu oʻrinda, Alixontoʻra Sogʻuniyning “Turkiston qaygʻusi” asarida keltirilgan mana bu satrlar yodiqqatimizni qarataylik:

“Qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar”.

Demak, til har bir millat madaniyatining oʻzagidir. Shu sababli ham tilning avaylab saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat va anʼanalarini saqlaydi.

Xulosa oʻrnida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan oʻtgan, yuksak maʼnaviyat xazinasi boʻlgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz”, yoki "Yangi Oʻzbekiston strategiyasi" kitoblaridagi quyidagi iqtiboslarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman:

"Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, XX asr boshida olti tilli - oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan alloma Isʼhoqxon Ibratning mana bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: "Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir".

Fozil SULTONOV,

Respublika manaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi