Tinchlik qadri

    Ey erksevar xalqim, ogʻir dard boʻldi

    Sen uchun oxirgi jahon urushi.

    Uning zarbasidan oʻrtanib ellar

    Senga ham tekkandi katta ulushi.

    Muqarrar oʻlimga ketdi tik boqib,

    Qancha koʻksi togʻdek jasur oʻgʻloning.

    Axir erkak ori tursa bong qoqib,

    Koʻzga koʻrinarmi bir shirin joni.

    Ketishdi erkakman deganning bari

    Xalqim, mehri daryo yuraging gʻashlab.

    Turmush va roʻzgʻorning togʻdek yukini

    Keksalar, ayollar kiftiga tashlab.

    Bular topganini oʻzi yermidi,

    Urushning qoʻlida edi-da izmi.

    Kecha-kunduz ishlab topgan nonining

    Qolardi oʻziga toʻrtdan bir qismi.

    Urush jabrin koʻrgan turli millatdan,

    Elim, ayamading non va oshingni.

    Yetim bolalarin saqlab ofatdan,

    Mehr-la silading egik boshini.

    Qancha boʻz yigit va navqiron erkak

    Ketaverdi shimol va gʻarbga tomon.

    U yoqda tinch hayot boʻlgandi ertak,

    Urush dahshatidan titrardi jahon.

    Olti yil quturgan «ajdarho» urush

    Sanoqsiz insonning yedi boshini.

    Oʻgʻil, qizlarini berdi qancha el,

    Yanchib tashlanguncha fashist qoʻshini.

    Bu gal osonlikcha kelmadi tinchlik –

    Millionlab odam boʻldi qurboni.

    Shuncha millat ichra qildi boshing tik –

    Minglab oʻzbeklarning toʻkilgan qoni.

    Oʻtgan ajdodlarning ruhi boʻlsin shod,

    Bizga qoldirishgan yurt gulshanini.

    Barcha avlodlarga mudom boʻlsin yod,

    Ular asraganlar Vatan shaʼnini.

    Xalqim, har bolangga uqtirgin takror:

    Shunday kelmaganin bu toʻkin hayot.

    Toʻqliklarga shoʻxlik qilmasin zinhor,

    Boʻlsin ajdodlarga munosib avlod!

    Otalar ibratin saqlab yodida,

    Vatan koʻrki uchun qilsin u mehnat!

    Yetsin goʻzal hayot, tinchlik qadriga!

    Ona yurt tinchligi – eng buyuk neʼmat.

    Saydulla Qoplonov,

    Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi 11-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.