Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Kengashning asosiy vazifalariga Universitetni strategik rivojlantirish boʻyicha uzoq va oʻrta muddatli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, uning biznes - rejasini shakllantirish va asosiy moliyaviy koʻrsatkichlarni tasdiqlash kiradi. Kengash, shuningdek, qishloq va suv xoʻjaligi texnologiyalari sohasida taʼlim, ilmiy-tadqiqot va ilmiy ishlanmalar almashinuvini hamda Fanlar Akademiyasi va tarmoq tadqiqot institutlari bilan universitetning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi. Bundan tashqari, Kengash vakolatiga ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap-loyihalarni ilgari surish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, yetakchi xorijiy oliy oʻquv va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni oʻrnatish masalalari kiradi.
Yigʻilish davomida Kengash kotibi, Universitet rektori B.Mirzayev tomonidan yuqorida qayd etilgan qaror talablarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etildi.
Shuningdek, yigʻilishda Universitet faoliyati bilan bogʻliq bir qator tashkiliy, maʼmuriy va moliyaviy masalalar koʻrib chiqildi va ularning har biri boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.