Tishdagi toshlar parodontozga olib keladi

    Inson salomatligida tishlarning sogʼlom boʼlishi muhim ahamiyatga ega. Biroq bunga doim ham eʼtibor bermaymiz. Oqibatda tishda tosh paydo boʼlib, yoqimsiz holat yuzaga keladi.

    Xoʼsh, buning asosiy sababi nima? Undan qanday xalos boʼlish mumkin? Ushbu savollarga stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanov javob berdi.

    – Sogʼlom tishlar, avvalo, organizm salomatligidan darak beruvchi belgi hisoblanadi, – deydi mutaxassis. – Tishlar chaynov jarayonining boshlangʼich boʼgʼini hisoblanib, soʼlak fermentlari yordamida ovqat luqmasini hazm jarayoni uchun tayyorlab berishi bilan ahamiyatli. Sogʼlom tishlar insonga husn va chiroyli tabassum hadya etadi. Аmmo ularga oʼz vaqtida eʼtibor berilmasa, tish va ogʼiz boʼshligʼida turli xastaliklar rivojlanishi mumkin.

    Tish-tosh kasalligi shular jumlasidan. U tish sirtidagi sargʼish yoki kulrang (kashandalarda jigarrang, hatto qoramtir) qatlam hisoblanib, milk usti va ostida, tish boʼynida hosil boʼladi.

    Toshlar toʼsatdan paydo boʼlmaydi. Аsosan ogʼiz gigienasiga yetarlicha gʼamxoʼrlik qilinmaganda kuzatiladi. Qolaversa, tishlar shakli, ovqatni chaynashda uni notoʼgʼri taqsimlash, soʼlak tarkibidagi oʼzgarishlar, qattiq yeguliklar yetishmasligi, tamaki chekish, kuchli choy va qahvani koʼp ichish natijasida ham kelib chiqadi. Oqibatda tishlarda dastlab oqimtir qarashlar koʼzga tashlanadi.

    Tosh toʼgʼri tozalanib, yuvilganda yoki qattiqroq ovqat chaynalganda osonlik bilan koʼchib tushishi mumkin. Baʼzan uning ichki yuzasini qoplab emalь qismiga singib ketadi. Shu bois toshni koʼchirish ancha qiyin. Bu esa asta-sekin milkni ezib qoʼyadi va ular qonaydigan, ogʼizdan qoʼlansa hid keladigan boʼlib qoladi. Shuningdek, yiring ajralib, milk shilliq pardasining yalligʼlanishi (gingivit) va parodontozga olib keladi.

    Tishda tosh paydo boʼlishining oldini olish uchun ovqatni meʼyorida chaynash (hamma tishlar bilan), suvi qochgan non, sabzi, olma yeb turish lozim. Qolaversa, kasal tishlar va yalligʼlangan milkni oʼz vaqtida davolash, yoʼq tishlar oʼrnini toʼldirish zarur. Qolaversa, ularni kunda 2 marta sifatli tish pastasi bilan yuvish hamda vaqt-vaqti bilan stomatolog koʼrigidan oʼtib turish maqsadga muvofiq.

    Bugungi kunda tishdagi toshlar ogʼriqsiz usullar – lazer, ulьtratovush va aerozol oqimi yordamida olib tashlanadi.