TKTI zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirmoqda

    Ta'lim 15 Mart 2022 1364

    Uchrashuvdan soʻng yangi tashkil etilgan Innovatsion oʻquv markazi va u yerdagi oʻquv jarayonlari, zamonaviy jihozlangan maʼruza va laboratoriya xonalari bilan tanishildi.

    Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov va Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Anvar Shernayev “Artel” kompaniyasi rahbarlari hamda Innovatsion oʻquv markazi direktori Baxtiyor Gʻaniyev bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda fan-taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashda hozirgi kundagi oliy taʼlim va ishlab chiqarish korxonalarida mavjud muammolar boʻyicha masalalar muhokama qilindi.

    Jumladan, talabalar xorijiy tillarni, kompyuterda loyihalash va zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishni bilishlari nihoyatda ishlab chiqarish korxonalari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi aytib oʻtildi.

    Yoshlarni muhandislik sohasiga qiziqishlarini oshirish, kompyuterda loyihalash dasturiy paketlari CAD/CAE/CAM tizimida ishlash koʻnikmalariga ega boʻlishlari uchun TKTI va Artel kompaniyasi Innovatsion oʻquv markazida shart-sharoitlar yaratib berishga kelishildi.

    TKTI rektori talabalarni institutda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash boʻyicha kechki smenada Artel kompaniyasining ishlab chiqarish jarayonlarining liniyalarida talabalarni ishlashlariga sharoit yaratish zarurligi haqida alohida taklif kiritdi.

    Artel kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Oʻktam Ablakulov kompaniyaning hozirgi kunda muhandislar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlari toʻgʻrisida, jumladan TKTI bilan kadrlar malakasini oshirish, talabalarni Innovatsion oʻquv markazda kompyuterda 3D loyihalash boʻyicha bilimlarini yaxshilash va ishlab chiqarishdagi tajribali mutaxassislarni oʻquv jarayoniga jalb etish boʻyicha toʻliq maʼlumot berdilar.