Mamlakatimizda barcha sohalar bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida isloh qilinmoqda. Taʼlim sohasi ham bundan mustasno emas. zero, bozor iqtisodiyotining oʻz qonuniyatlari bor. unda talab va taklif tamoyili asosiy ahamiyatga ega. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlimning barcha bosqichida ana shu tamoyilga amal qilishni talab etadi. Buning tasdigʻini Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Har ikki tarixiy hujjat ham aholining turmush darajasini oshirish, taʼlim sifatini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida taʼlim sifatini oshirish hamda sohani ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Ayniqsa, 2023-yilning 1-sentyabridan boshlab har bir tuman (shahar)da bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarga ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarni oʻrgatish amaliyotining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi quvonarli hol. Bu, oʻz navbatida, joylardagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida maktab oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish, taʼlim muassasalarida bepul toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator vazifalar belgilangan. Ayni shu maqsadda davlat byudjetidan 79,5 milliard soʻm ajratilgan. Hozir toʻgaraklar yoʻnalishini aniqlash boʻyicha oʻquvchilar va ota-onalar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda.

Oʻtgan yili “Barkamol avlod” bolalar maktablarining byudjetdan tashqari ishlab topgan mablagʻi 751 million soʻmni tashkil etdi. Oʻquvchilarda kasb-hunar koʻnikmalarini shakllantirish uchun umumtaʼlim muassasalarida 100 mingta toʻgarak tashkil etish ishlari davom etmoqda. Toʻgaraklarni ochishda talab va taklif koʻp boʻlgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, IT injiniring, tarjimonlik kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Toʻgarak mashgʻulotlarida ham innovatsion metodlardan foydalanilmoqda. Ayni paytda yetti yoʻnalishda 80 ga yaqin nomdagi toʻgarak faoliyat koʻrsatyapti. Har bir yoʻnalish uchun maxsus oʻquv dasturi va qoʻllanmalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Zomin tumanidagi oʻquvchi yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash markazida 21 turdagi toʻgarak bor. Ularning hammasi oʻquv dasturi, STEAM taʼlimi boʻyicha dastur va qoʻllanmalar bilan taʼminlangan.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzolari u yerga borib mahorat darslari oʻtadi. Toʻgaraklar yoʻnalishini koʻpaytirish maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi, Toshkent shahri hokimligi, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, “Hunarmand” uyushmasi, Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi kabi 20 dan ziyod xalqaro va mahalliy idora, tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Ular bilan birga forum, konferensiya, davra suhbati, seminar va oʻquv-treninglar tashkil etiladi, oʻquv dasturi va qoʻllanmalar ishlab chiqiladi, toʻgaraklarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi. “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi huzurida direktorlar kengashi tashkil etildi. Uning faoliyati, asosan, oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, sifat va samaradorlikni oshirish, taʼlimning uzluksizligi, izchilligi va ilmiyligini taʼminlashga qaratiladi.

Kengash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Sirdaryo, Jizzax, Fargʻona, Andijon, Namangan, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini rivojlantirish va ilgʻor tajribalarni ommalashtirish uchun amaliy-uslubiy yordam koʻrsatdi, seminar-treninglar tashkil etdi. Ayni paytda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Shu bois, ularni yoshlarimizga mukammal oʻrgatish va amaliyotga tatbiq etish koʻnikmalarini shakllantirish davr talabidir.

SHHTning mamlakatimizdagi Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston yoshlari fan-texnika taraqqiyoti asrida” onlayn koʻrik-tanlovi tashkil etilgani oʻquvchilarda texnik ijodkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Barkamol avlod” bolalar maktablari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha mutaxassislarining malakasi oshirilyapti. Ularda zamonaviy bilim va koʻnikmalar shakllantirilyapti. Natijada zamonaviy turdagi dasturlash toʻgaraklarini ochish imkoniyati paydo boʻldi.

Oʻrgatish jarayonida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yigit-qizlarda vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak insoniy fazilatlarni uygʻotish ham zarur. Shu maqsadda oʻtgan yili maktablarimizda toʻgarak aʼzolari uchun 20 ta koʻrik-tanlov tashkil etildi. Toʻgaraklar soni, yoʻnalishi va qamrovini koʻpaytirish asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablari mutasaddi xodimlarining mahalla va umumtaʼlim maktablari boʻylab qilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida 7 ming 203 ta tarmoq toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularga qariyb 176 ming 400 oʻquvchi qamrab olindi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining 163 ta tarmoq toʻgaragi ochildi.

Imkoniyati cheklangan bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus maktab-internatlarda ham 330 ta toʻgarak tashkil etilib, ularga 9 mingdan ortiq oʻgʻil-qiz jalb etildi. Maktablarimizda oʻquvchilar qamrovini oshirish, ularga qoʻshimcha ragʻbat berish, muayyan soha va kasbga yoʻnaltirishning yangi imkoniyatlarini topish va amalda tatbiq etish asosiy maqsadlarimizdan. Oʻtgan yili “Sharq ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi bilan hamkorlikda xalqaro grantlar ajratildi.

Mazkur loyiha asosida bugun toʻgaraklarimiz aʼzolaridan 61 nafari xorijiy universitetlarda tahsil olmoqda. Davlat dasturida belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashish joriy yildagi asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi. Uning asosida yil boshida belgilagan chora-tadbirlarimizni qaytadan koʻrib chiqamiz va unga moslashtiramiz.