Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qoʻshinlari hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Denov tumanida yashovchi, 1994-y.t. fuqaro oʻzining “Kobalt” rusumli avtomashinasida Uzun tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida 50 kg. 567 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkosavdogarlardan olganligi maʼlum boʻldi.
Fargʻona viloyatida qayd etilgan holatda, Margʻilon shahrida yashovchi, 1972-y.t. fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Boʻka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg. 929 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, yoʻlovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Fargʻona shahrida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qayta sotib, moʻmay daromad topishni maqsad qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda “Samarqand – Andijon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina Boʻston tumanidagi YPX maskanida toʻxtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda ketayotgan Qoʻrgʻontepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1990 va 1995-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs hamda Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh viloyati Qora-suu shahrida yashovchi, 1984-y.t. ushbu davlat fuqarosidan 4 kg. 727 gr. “gashish” moddasi olindi.
Aniqlanishicha, ular mazkur giyohvandlik vositasini tojikistonlik shaxsdan Urgut tumaniga keltirib berish sharti bilan sotib olishgan va uni qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, ortga qaytayotgan boʻlishgan.
Boshqa holatda esa Paxtaobod tumanida yashovchi, 1981, 1982, 1991, 1992-yillarda tugʻilgan 4 nafar fuqaro Qirgʻiz Respublikasidagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kg. 634 gr. “gashish” moddasini Andijon tumanida 53 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, ulardan 3 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.Tergov harakatlari olib borilmoqda.