Mutaxassislarning fikricha, keng bargli daraxtlarning tushgan barglari va ignabargli daraxtlarning ignabarglari biogen doimiy erkin radikallar manbai hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, chirigan barglar nafas olish paytida sog'liqqa salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Tadqiqot davomida shotland qarag'ayi, sadr, qayin, chinor va boshqa daraxtlarning barglari tahlil qilindi. Olimlar ularni changdan tozalashgan, keyin esa ularni 25-35 daraja haroratda quritgan yoki namlagan. Har bir davr oralig'ida ular spektrometr yordamida barglarning tarkibini o'rganishdi.

Ma'lum bo'lishicha, namunalardagi biogen doimiy erkin radikallar darajasi nafaqat saqlanib qolgan, balki namlash va quritish jarayoni davomida ham oshgan. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, barglardagi moddalar sog'liq uchun to'g'ridan-to'g'ri xavf tug'dirmaydi. Biroq ular degradatsiyaga uchraganda, biogen doimiy erkin radikallar tuproqqa so'rilishi va keyin shamol vositasida tarqalishi mumkin, bu esa odam salomatligi va atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug'diradi.

Erkin radikallar sog'lom hujayralarga zarar yetkazishi mumkin bo'lgan beqaror molekulalardir. Ushbu zarralar organizmda tabiiy metabolizm jarayonida paydo bo'ladi va oziq-ovqat, havo bilan ham kirib qolishi mumkin. Erkin radikallar qarish va ko'plab kasalliklar bilan bog'liq, chunki ular oksidlovchi stressni keltirib chiqaradi, deb xabar beradi lenta.ru.