Tomdagi quyosh paneli fakultetning elektr energiyasiga ehtiyojini qoplaydi

    Bugungi kunda jahonda energiya resurslariga talabning oshib borishi, amaldagi energiya manbalari qayta tiklanmasligi tufayli qayta tiklanuvchan hamda ekologik toza, energiya samaradorligi yuqori texnologiyalar asosida energiya ishlab chiqarish masalasi dolzarb ahamiyatga ega.

    Toshkent davlat texnika universitetida ham quyosh fotoelektrik stansiyalaridan foydalanish tizimli yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2010-yili universitetning elektr energetika fakulteti hududida muqobil energiya manbalari asosidagi geopoligon tashkil etilgan edi. Oʻtgan davrda oʻquv poligoni doimiy ravishda yangi va zamonaviy qurilmalar boyitib kelindi. Umuman olganda, elektr energetika fakultetida mavjud quyosh fotoelektrik stansiyalari ishlab chiqaradigan energiya hajmi jami 80 kVt.ga yaqinni tashkil etadi.

    Prezidentimizning tegishli farmoni ijrosi doirasida 50 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektrik stansiyalari xarid qilinib, fakultet binosining tom qismiga oʻrnatildi. Oʻrnatilgan quyosh panellari fakultetning elektr energiyasiga ehtiyojini qoplash bilan birga, tashqi yoritish tizimlarining yashil energiya manbalari asosida uzluksiz elektr taʼminoti bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.

    Quyosh fotoelektrik stansiyasi va zamonaviy koʻrinishda jihozlangan “Elektr uskunalarini tekshirish va nazorat qilishni innovatsion boshqarish” laboratoriya xonasi muqobil energiya manbalari taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun sohani chuqur oʻrganishda dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda.

    Javohir TOSHOV,

    Toshkent davlat texnika universiteti

    elektr energetikasi fakulteti dekani,

    texnika fanlari doktori