Taraqqiyotning yashil chirogʻi yashil chirogʻi

    Tasavvur qiling, ertadan mashinangiz harakatlanishi uchun yoqilgʻi quymacangiz, quvvatlantirishga pul toʻlamasangiz.

    Yo boʻlmasa, uyingizni yoritganingiz, televizor, muzlatkich, sovitkichdan foydalanganingiz, boringki, taom pishirib, xonadoningizni isitganingiz uchun hech qanday toʻlovni amalga oshirmasangiz. Daromadingiz manbai issiqxonangizni ishlatishga, sex, zavodingiz elektr energiyasiga zarracha xarajat qilmasangiz, qanday boʻladi?

    Buning ustiga sof ekologik muhit toza havo, hammayoq yashillikka burkangan manzilda istiqomat qilsangizchi? Mutaxassislar “yashil iqtisodiyot” tizimiga oʻtish orqali mamlakatda shunday imkoniyatlar yaratilishini aytmoqda. Bu tizim qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalariga tayanadi.

    Ushbu manbalar esa hozir ham insoniyat pul toʻlamay foydalanadigan quyosh nuri, shamol va suv manbalariga asoslangani mutaxassislar fikrida jon borligini koʻrsatadi. Bunday jamiyatni yaratish oʻz qoʻlimizda ekani yanada quvonarli. Shu bois, bugungi global iqtisodiy inqiroz avj olayotgan, ekologik muammolar ortgan bir paytda dunyo hamjamiyati uchun “yashil iqtisodiyot” tizimiga oʻtish eng oqilona chora sifatida koʻrilmoqda. Keling, ushbu tizimga oʻtishning zarurati hamda uning foyda va kamchiliklari haqida batafsil fikr yuritamiz.

    Axborot makonini kuzatar ekanmiz, tabiiy ofatlar — yongʻin yoki toʻfonlar avvalgidan koʻproq boʻlayotganini fahmlayapmiz. Statistik maʼlumotlarga koʻra, birgina oʻtgan yilning oʻzida tabiiy ofatlar oqibatida dunyo iqtisodiyoti 320 milliard dollar zarar koʻrgan. Bu koʻrsatkich 2023-yilgidan 30 foiz yuqori. Balki olis mamlakatlardagi hodisalar toʻgʻrisidagi xabarlar sizga koʻp ham daxldordek tuyulmayotgandir. Ammo keyingi yillarda mintaqamiz, boringki, mamlakati-mizning turli hududlarida iqlimning keskin oʻzgarishi, chang boʻronlari roʻy berayotgani global ekologik muammolarning bizdan u qadar ham olisda emasligini koʻrsatadi.

    Ekologik muammolarga qarshi kurashish-ning birlamchi usuli qanday, degan savol oʻrtaga tashlansa, birinchi navbatda, barchaning xayoliga daraxt oʻtqazish, tabiatni, atrof­muhitni asrash keladi. Albatta, bu amallar juda muhim. Shu bois, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga aso-san, ommaviy daraxt ekish aksiyalari muntazam oʻtkazilmoqda.

    Sof ekologik muhitni asrashda muhim tadbirlardan yana biri davlat va jamiyat-ning “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishidir. Ayni paytda bu ikki amaliyotni bir­biridan ayri tasavvur etib boʻlmaydi.

    Prezidentimiz tomonidan 2025-yil Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilindi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida esa tabiatni asrash bilan “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish boʻyicha turli islohot va loyihalar bir­biri bilan uygʻunlikda olib borilishi nazarda tutilgan. Ushbu dasturda belgilangan chora­tadbirlar Oʻzbekiston ekologiyasini qayta tiklash va “yashil iqtisodiyot” tizimiga oʻtishda yana bir dadil qadam boʻladi.

    Daraxt ekish, hududlarni koʻkalamzorlashtirish, sof ekologik muhit shakllantirish xasta tabiat immunitetini koʻtaradi-gan ozuqa boʻlsa, ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab boʻladigan zaharli gaz, ishlab chiqarish, sanoatda uglerod sarfini keskin kamaytirish orqali “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish aynan kasallikning oʻzini bartaraf etadigan darmondoridir.

    “Yashil iqtisodiyot” tizimi faqatgina ekologik muammolarni hal etishgagina xizmat qiladigan emas, har jabhada davlat va jamiyatga manfaat keltiradigan tizim. Jumladan, “yashil” energetika sohasi tobora kengayib, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar bilan birga koʻplab ish oʻrinlarini yaratmoqda. Masalan, quyosh panellari ishlab chiqarish, shamol turbinalari oʻrnatish va texnik xizmat koʻrsatish kabi sohalarda yangi ish oʻrinlari paydo boʻlmoqda.

    Ayni paytda koʻpgina davlatlar neft va gazga qaram boʻlib, ularni import qilishga majbur. “Yashil” energiya manbalari rivoj­lanishi esa ularning energetik mustaqil-ligini taʼminlaydi va resurslar boʻyicha iqtisodiy xavfsizligini yanada oshiradi.

    Tabiatni asrash, global ekologik muammolarni bartaraf etish bilan shugʻullanadi-gan xalqaro tashkilotlar anʼanaviy energiya manbalari, xususan, neft, koʻmir va gaz yoqilgʻisi atmosferaga katta zarar keltirishini qayd etib, “yashil iqtisodiyot” tizimi bunday ifloslanishni kamaytirishi haqida turli aksiyalar oʻtkazib, ijtimoiy rolik va targʻibot materiallari chop qilmoqda. Bu esa dunyo ahlining anʼanaviy energiya manbalari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar-ni xarid qilishdan tiyilib, tabiatga zarar yetkazmaydigan “yashil” energiyadan foydalanilgan holda tayyorlangan mahsulotlarni sotib olishga moyilligini orttirmoqda. Talabga koʻra, shu yoʻnalishda turli xalqaro sertifikatlar joriy etilyapti. Kelgusida bu sertifikatlarga ega boʻlmagan mahsulot-lar sotuvi keskin pasayishi mumkin. Oʻz mahsulotlarini eksport qilishni istaydigan davlat va ishbilarmon tadbirkorlar “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishi shart boʻladi. Bu tizimning eng maqbul jihati energiya xarajatlarini minimal darajaga tushirishdir. Shu bois, “yashil iqtisodiyot” tizi-mi davlat, tadbirkorlar va oddiy xalq uchun birdek manfaatli.

    Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: “yashil iqtisodiyot” barchaga birdek foyda keltirar ekan, nega dunyo aholisi anʼanaviy iqtisodi-yotdan yoppasiga va tez unga oʻtib ketmayapti?

    Buning qator sabablari bor. Shulardan biri, barcha davlatlarning iqlimi, joyla-shuvi, tabiiy resurslari suv, shamol, quyosh-dan olinadigan muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkonini bermaydi.

    Shukrki, serquyosh oʻlkamiz, oltin vodiy-larimiz, daryolarimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalarining barcha turini qoʻllashimizga yetarli shart­sharoit beradi.

    Shuningdek, quyosh panellari, shamol turbinalari va boshqa “yashil” texnologiyalar-ni oʻrnatish katta sarmoyani talab qiladi. Keyinchalik minimal xarajatlar orqali bu sarmoya oʻrni qoplanishiga qaramay, koʻpchilik bir martada katta mablagʻ sarflashni istamaydi.

    Mamlakatimizda muqobil energiyadan foydalanadigan aholi vakillari hamda tadbirkorlar uchun turli kompensatsiya, imtiyoz-lar berilishi boshlangʻich sarmoyani minimal darajaga tushiradi.

    Toʻlaqonli ravishda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish uchun birgina davlat tomonidan islohot-lar qilishning oʻzi yetarli emas. Ishbilarmon tadbirkorlarimiz oʻz faoliyatiga ekologik toza “yashil” texnologiyalarni joriy etishi, xalqimiz vakillari esa turmush tarzida qayta tiklanuvchi, muqobil energiya vositalaridan keng foydalanishi bugungi kun zarurati.

    Yaʼni barcha hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsagina, koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “yashil” taraqqiyot Oʻzbekistonda umummilliy harakat daraja-siga koʻtarilishi kerak.

    Rivojlangan mamlakatlar tanlagan yoʻl

    Otabek MUSURMONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi:

    — Maʼlumotlarga koʻra, Xitoy 2024-yilda quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalarini barpo etishda dunyo rekordini oʻrnatdi. Gap shundaki, u yerda dunyoning jami mamlakatlarida qurilgan stansiyalardan ikki barobar koʻp quyosh va shamol elektrostansiyalari barpo etildi. Natijada Xitoy oʻtgan yili jahon miqyosida eng koʻp elektr energiyasi ishlab chiqargan mamlakatga aylandi.

    Xitoy singari dunyoning eng kuchli mamlakatlari “yashil iqtisodiyot” tizimiga zoʻr berib oʻtishga urinayotgani ham bu kelajak sohasi ekanini bildiradi. Shu bois, yurti-mizda joriy yil Atrof­muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilin-di. Kuni kecha tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof­muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturidagi oldimizga qoʻyilgan vazifalarni toʻlaqonli bajarsak, biz ham “yashil iqtisodiyot” tizimiga oʻtish borasida katta qadam tashlagan boʻlamiz. Dasturga binoan, joriy yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energetika manbalarini 26 foizga va jami generatsiya quvvatlari tarkibidagi ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

    Bunga davlat­xususiy sherikligi asosida “yashil” energiya stansiyalarini, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini kengaytirish, aholi xonadonlariga quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish hisobiga erishiladi.

    Shuningdek, “Tejamkorlik va barqaror-lik” tamoyili asosida davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish, yaʼni “yashil” energiyaga moslashtirish orqali korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini 15­20 foiz kamaytirish koʻzda tutilmoqda. Mamlakatimizda ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalari tashkil etish belgilangan.

    Bir soʻz bilan aytganda, dasturda ijtimoiy, iqtisodiy soha obyektlarida “yashil” energetika manbalaridan faol foydalanish koʻzda tutilgan. “Yashil iqtisodiyot” tizimiga oʻtish yoʻlidagi harakatlar faqat bu yil emas, keyingi yillarda ham faol davom et-tiriladi. Xususan, 2027-yildan 30 foiz, 2030-yildan 55 foiz “yashil iqtisodiyot”ga oʻtiladi. Ayni shu maqsadda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 million dollar resurs jalb qilingan.

    “Yashil” energiya kelajak energetikasi-ning ajralmas qismi boʻlib, u nafaqat ekologik barqarorlikni taʼminlaydi, balki iqtisodiy oʻsishga ham hissa qoʻshadi. Texnologik taraqqiyot, hukumat siyosati va ekologik ongning oshishi uning keng tarqalishiga xizmat qiladi. Shu sababli uni rivojlantirish kelajak avlodlar uchun toza va barqaror muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

    Jahon bozorining oltin kaliti

    Temur Malik NARZIQULOV, “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori:

    — Rivojlangan mamlakatlar sanoat, ishlab chiqarish sohasida “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy etish boʻyicha amaliy harakatlar ancha ilgari boshlangan. Xususan, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan Parij bitimi ishlab chiqilganiga 2025-yilda oʻn yil boʻladi. 2016-yildan eʼtiboran kuchga kirgan ushbu hujjat dunyoning 195 mamlakati tomonidan maʼqullanib, 175 davlat uning tadbirlari doirasida ish olib bormoqda.

    Oʻzbekiston Parij bitimi doirasida atmosferaga chiqarayotgan issiqxona gazi miq-dorini 2030-yilga qadar 35 foizgacha (2010-yilga nisbatan) kamaytirish majburiyatini zimmasiga olib, unga koʻra, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish maqsadida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish ustida ishlamoqda.

    Ayniqsa, Parij bitimi negizida Yevropa Ittifoqi davlatlari turli loyihalarni amalga oshiryapti. Shulardan biri “Fit for 55” paketi. Uning “Carbon Border Adjustment Mechanism” (“CBAM” uglerod chegarasini sozlash mexanizmi) qismida xalqaro tijorat, mahsulotlarni import­eksport qilish, investitsiyalar kiritish masalalari qayd etil-gan. Bunga koʻra, Yevropa Ittifoqiga import qiluvchilar mahsulot ishlab chiqarilishida hosil boʻlgan uglerod hisobotlarini berishi va bu chiqindilar uchun alohida toʻlov talab etilishini bosqichma­bosqich joriy etishi belgilangan. Bu “yashil” energiya manbalaridan foydalanmaydigan eksportchi tadbirkorlar, mahsulot ishlab chiqarish uchun katta mablagʻ sarf etish bilan birga uni sotish uchun ham alohida majburiyat olishi va turli soliqlar toʻlashiga toʻgʻri keladi, degani.

    Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar keyingi yillarda “I­REC” (Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti) certifikati bor mahsulotlarni sotib olishga koʻproq urgʻu ber-moqda. Ushbu sertifikat dunyoning koʻpgina davlatlarida tan olinadigan hujjatdir.

    Shu bois, JSTga aʼzo boʻlish, dunyo bozorida oʻz mahsulot va brendlari bilan alohida oʻrin egallash, eksport salohiyatini yanada oshirishni maqsad qilgan Oʻzbekiston uchun “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, eksportchi oʻzbek ishbilarmonlari “I­REC” sertifikatini qoʻlga kiritishi juda muhim.

    Prezidentimizning 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora­tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, I­REC bilan hamkorlikda oʻz-bek tadbirkorlari uchun mazkur sertifikat-ni berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan 2024-yil davomida mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan 64 ming dona “yashil energiya” sertifikati savdosi amalga oshirildi. Bu sertifikatni tan olgan mamlakatlar soni yil sayin ortib borayotgani, zamonaviy isteʼmolchilar mahsulotlarning ishlab chiqarilishida ekologiyaga zarar yetkazilmaganiga alohida eʼtibor qaratayotgani mazkur hujjatni jahon bozorining oltin kalitiga aylantirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Barcha uchun birdek foydali

    Anvar ABDUQAYUMOV, “Toy bola” milliy brendi asoschisi:

    — Xalqaro koʻrgazma va tadbirlarda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ish-bilarmonlar bilan suhbatlashib qolamiz. Xususan, Yevropa Ittifoqi davlatlari tadbirkorlarining aksariyati muqobil energiya manbalaridan foydalanishini aytadi. Shuningdek, mamlakat qonunchiligida muqobil energiyani joriy qilgan tadbirkorlar mahsulotini import qilishda boj va boshqa sertifikatsiya masalalarida alohida qulaylik va imtiyozlar qoʻllanilishi haqida soʻzlaydi. Hatto ushbu davlatlarning fuqarolari ham tannarxi baland boʻlsa­da, muqobil energiyadan foydalangan ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini sotib olishga harakat qilishar ekan. Dunyo bozorida bunday mahsulotlar talabgir boʻlib bormoqda. Uzoqni koʻzlagan tadbirkor esa davr talabini ahamiyatsiz qoldirmasligi kerak.

    Keyingi yillarda dunyoda iqtisodiy inqiroz kuchayib boryapti. Bu esa har bir tadbirkor faoliyatiga yil sayin koʻproq taʼsirini oʻtkazyapti. Oʻz faoliyatimdan mi-sol qiladigan boʻlsam, 2023-yilda 5 million dollarga yaqin eksport qilgan edik, oʻtgan yili bu raqam bir oz kamaydi, ammo ichki bozordagi savdoni oʻstirishga erisha oldik. 2024-yil noyabr oyidan boshlab Ruminiyaga mahsulot sotishni yoʻlga qoʻydik. Bu yil ichki bozordagi oʻsishni saqlab qol-gan holda Ruminiyaga eksportimiz hajmini bir million dollarga koʻtarishni reja qil-moqdamiz.

    Bugun muqobil energiyadan foydalanish orqali mahsulot tannarxini tushirish davr talabi boʻlib qoldi. Muqobil energiyadan foydalanish davlat tomonidan ragʻbatlan-tirilayotgani esa ayni muddao. Hozir tadbirkorlar uchun eng katta qulayliklardan biri oʻrnatgan quyosh panelida ishlab chiqar-gan ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini davlatning oʻzi sotib olishidir. Bunda har kilovatt uchun tadbirkorlarga 720 soʻmdan toʻlanadi.

    Tadbirkorlar oʻrnatilgan qurilmalar boʻyicha mol­mulk soligʻi, ular bilan band yer boʻyicha yer soligʻi va elektrni sotishdan olingan foyda soligʻidan ozod qilingan.

    Shuningdek, muqobil energiya vositalarini sotib olishda ham turli imtiyoz va qulayliklar yaratilmoqda.

    Yevropa taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki bilan bu yoʻnalishda hamkorlik qilinib, imtiyozlar yanada orttirilsa, koʻpchilik tadbirkorlar “yashil” energetikani oʻz faoliyatiga tatbiq qilishdan yanada mamnun boʻladi.

    1 million soʻm toʻlash oʻrniga 2 million 100 ming soʻm foyda qilyapman

    Iskandar MATAZIMOV, quyosh paneli oʻrnatgan xonadon egasi:

    — Uyimga quyosh paneli oʻrnatishga qaror qildim. Ayrimlar bu qarorimni qoʻllab­-quvvatladi. Baʼzilar esa juda qimmat ekanini, foyda emas, zarar qilishimni aytdi. Oʻzim ham ikkilanib qoldim. Soʻng internet va tanish­bilishlardan quyosh paneli oʻrnatmoqchi boʻlgan aholiga davlat tomonidan berilayot-gan imtiyoz va imkoniyatlarni oʻrgangach, sotib olishga qatʼiy qaror qildim.

    Quyosh panelini 3-yil muddatga foizsiz boʻlib toʻlashga sotib olsa boʻlar ekan. Agar birdaniga toʻliq toʻlab xarid qilinsa, quril-ma ish hajmiga qarab bazaviy hisoblash miq-dorining 7 baravaridan 50 baravarigacha pul mablagʻi qaytarib berilarkan.

    Men yuz foiz toʻlab subsidiya olishni maʼqul koʻrdim va uyimga 30 kilovattlik quyosh paneli oʻrnatdim. Beminnat elektr energiyasidan foydalanyapman. Eng yaxshi tomoni, ayni paytda bir million soʻm elektr energiyasi sarfi uchun pul toʻlash oʻrniga oʻz ehtiyojimdan ortiqcha elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlariga kilovattini ming soʻmdan sotib, 2 million 100 ming soʻm davlatdan pul olyapman. Hali bahor­yoz oylarida daromad bundan ham yaxshi boʻladi.

    * * *

    Dunyoga mashhur “Alkimyogar” asari qahramoni xazina izlab sayohat qiladi. Alal­-oqibat esa xazina oʻz vatanidan topiladi. Qayta tiklanuvchi, muqobil energiya ham shunga oʻxshaydi. Oddiy quyosh nuri, shamol, suvdan ham yaxshi daromad qilish mumkin. “Yashil” energiya vosita-laridan foydalanib, daromad orttirish xazina topishdek gap aslida.

    Mutaxassislar hamda aholi vakillarining soʻzlaridan “yashil iqtisodiyot” tizimi qaysi sohaga tatbiq etilmasin, oʻsha soha taraqqiyotiga hissa qoʻshishiga amin boʻlasiz. “Yashil iqtisodiyot” mashinalarni harakatga keltiruvchi svetoforning yashil chirogʻiga oʻxshaydi. Ushbu tizimni joriy etish bilan iqtisodiyot taraqqiyot pillapoyalaridan ilgʻor odimlay boshlaydi.

    Sanjar ESHMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri