Mamlakatimizda 5,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari ixtiyoridagi 502,8 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik qilinmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizidan ortigʼi aholi xonadonlari hissasiga toʼgʼri keladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi hamda 2020 yil 30 iyundagi “Аholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorlari asosida mamlakatimizda 651 ta “Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

“Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan dehqon xoʼjaliklari va aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, tomorqalarni shudgorlash, ekin ekishga koʼmaklashish, kafolatlangan koʼchatlar, mahalliy va mineral oʼgʼitlar yetkazib berish, ixcham issiqxonalar qurish, yetishtirilayotgan mahsulotlarni qabul qilib qayta ishlash, ichki bozorlarga yetkazib berish hamda eksport qilishda aholining haqiqiy koʼmakchisiga aylanmoqda.

Joriy yilning oʼtgan davrida “Tomorqa xizmati” MChJlar tomonidan 42,1 ming aholi xonadonning yerlari shudgorlandi, 53,5 ming xonadonga zarur urugʼlik, 90,3 ming xonadonga koʼchatlar (shu jumladan 15 ming xonadonga limon koʼchati) hamda 36,2 ming xonadonga piyoz va sarimsoqpiyoz urugʼlari yetkazib berildi hamda ekishiga koʼmaklashildi.

Shuningdek, 32,5 ming xonadonga ixcham issiqxona qurib berildi, 1161 ta xonadonga asalari uyalari, 1 297 xonadonga quyon, 4330 ming xonadonga kurka, 9,3 ming xonadonga parranda, 519 ta xonadonga echki, 998 ta xonadonga qoramol hamda 2,7 ta xonadonga qoʼy yetkazib berildi.

Halqimiz yildan yilga tomorqa qoʼshimcha daromad manbai ekanini yaxshi anglagan holda yiliga 2-3 marta hosil olishni koʼzlab ish yuritishi natijasida yetishtirilayotgan hosil miqdori ortib bormoqda.

Tajribadan maʼlumki, qishloq xoʼjalik mahsulotlarini oddiy omborlarda saqlagandan koʼra, sunʼiy sovutiladigan omborxonalarda saqlash orqali mahsulot vaznini maksimal darajada saqlab qolish imkoniyati oshadi. Shunday omillarni hisobga olgan holda yetishtirilgan mahsulotni yil davomida xalqimiz dasturxoniga yetkazib berish uchun yetarli sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yilning oʼtgan 9 oyi davomida “Tomorqa xizmati” korxonalarida 38,5 ming tonna sigʼimli 132 ta meva-sabzavotlarni sovutish omborlari, 62,9 ming tonna sigʼimli 195 ta meva-sabzavotni saqlash omborlari hamda 161,4 ming tonna yillik quvvatga ega boʼlgan 154 ta mevani saralash, quritish, qayta ishlash liniyalari tashkil qilindi. Mazkur yoʼnalishlar uchun kengash huzuridagi Jamgʼarmadan 96,6 mlrd soʼm imtiyozli kredit mablagʼlari ajratildi.

Shu bilan birga Respublikaning 162 ta tumanida aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini aholiga qulay joylarda, arzon narhlarda sotishni tashkil qilish maqsadida mahallalarning aholi gavjum joylarida 1475 ta kichik sigʼimli muzlatkichga ega boʼlgan yengil konstruktsiyali “dala doʼkonlari” tashkil etilib, ularning soni 2 685 taga yetkazildi, kengash huzuridagi Jamgʼarmadan 265 nafar fuqarolarga 8 mlrd 231 mln soʼm kredit mablagʼlari ajratildi.

E.Mamarahimov,

Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi boʼlim boshligʼi