O'zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining  barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo'yicha maxsus preferentsiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirganiga ropapa-rosa bir oy bo'ldi.

Ma'lumki, dasturga to'liq a'zo bo'lgan davlat Yevropa Ittifoqi bozorlariga 3000 ga yaqin mahsulotlarni bojxona to'lovlarisiz, 3200 dan ortiq turdagi tovarlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo'yicha eksport qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. Unga kirishdan oldin manfaatdor mamlakat zimmasiga muayyan shartlarni bajarish vazifasi  yuklanadi. Jumladan, inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida 16 ta, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida 11 ta — jami 27 xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilishi va samarali amalga oshirishi lozim.

Xorijiy ekspertlar O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi maxsus preferentsiyalar tizimiga a'zo bo'lishi keyingi davrda Prezidentimiz tashabbusi davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik mamlakatni shakllantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va yangilanishlarning amaliy natijalarini hisobga olgan holda, qabul qilinganligini e'tirof etishmoqda. Bu birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining investorlari va xususiy sektor vakillariga O'zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki bersa, ikkinchidan, O'zbekiston va Evropa Ittifoqi davlatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va jadal rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Qolaversa, mamlakatimiz keyingi uch yarim yil mobaynida Yevropa Ittifoqining maxsus preferentsiyalar tizimining talab-tamoillariga doir barcha majburiyatlarni  to'liq bajardi.

Mazkur maqomdan ikki tomon ham manfaat ko'radi. O'zbekiston GSP+ ining a'zosi sifatida mahsulot yo'nalishlarining uchdan ikki qismiga tariflarni to'liq bekor qilish orqali qo'shimcha iqtisodiy imtiyozlarga ega bo'ldi. Bu esa eksport hajmining o'sishiga va mamlakatga qo'shimcha investitsiyalar jalb etilishiga xizmat qiladi.

Katta bozordagi  raqobat

O'zbekistonda yaqin paytga qadar qo'llanib kelingan GSP doirasidagi imtiyozlardan foydalanish darajasi  87 foizni tashkil etgan. Mahsulot segmentlari asosan to'qimachilik va kiyim-kechak, plastmassa, charm-poyabzal tovarlari, shuningdek, meva, sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlar hissasiga to'g'ri kelgan.

Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi hududida 450 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ma'lumotlarga qaraganda,  ushbu ittifoqqa a'zo davlatlar  har yili butun dunyodan 177 milliard evro miqdorida kiyim-kechak, 147 milliard yevrolik matodan ishlangan choyshab, yostiq, ko'rpa, sochiq va boshqa uy  buyumlari, 70 milliard evrodan ortiq charm va yarim charm-poyabzal mahsulotlarini  import qiladi.

Agar mamlakatimizning to'qimachilik va charm-poyabzal sanoatining tarkibiga e'tibor qaratsak,  ayni ushbu tarmoqlarning ishlab chiqarishi va eksporti o'sib borayotganini kuzatish mumkin. O'tgan yili tarmoq korxonalari tomonidan 1,9 milliard AQSH dollariga teng bo'lgan tovarlar dunyo bozoriga yo'llangan. Lekin uning faqatgina 74 million dollari,  charm-poyabzal tarmog'ining xorijga sotilgan mahsulotlarining atigi bir foizi Yevropa bozorlariga to'g'ri kelgan.

Mana endilikda O'zbekiston ko'hna qit'aning GSP+ maqomiga ega bo'lgan 9-mamlakatga aylandi. Mutaxassislar ushbu imtiyozdan foydalanib kelayotgan davlatlar faoliyatini tahlil qilar ekan, Pokiston, Shri-Lanka, Mo'g'uliston, Bangladesh davlatlari asosiy raqobatchi bo'lishini, ularning GSP+ tizimi bo'yicha eksportidagi to'qimachilik mahsulotlarining ulushi umumiy hajmning kamida 80 foizini tashkil etayotganligiga e'tibor qaratishadi.

Xususan, Pokiston mazkur tizimda ishlashni qo'lga kiritganidan so'ng ikki yil mobaynida Yevropaga eksportni 40 foizga oshirdi. Bugunga kunda uning umumiy miqdori 6 milliard yevroga etgan. Bangladeshning bu bozorga yo'llayotgan tovarlari 17 milliard evroga etay deb qoldi. Shunday bir kezda,  Qirg'iziston 6 million, Armaniston 68 million yevrolik mahsulotni eksport qilmoqda.

Ushbu ma'lumotlar ham ko'rsatib turibdiki, Yevropa Ittifoqi bozorida O'zbekistonning raqobatchilari ko'p. Chunki, ular qatorida Hindiston, Vetnam, Indoneziya, Kambodja  ham bo'lib, ular dunyodagi yirik to'qimachilik maxsulotlari ishlab chikaruvchilari hisoblanadi.

Yangi bosqich imkoniyatlari

O'tgan hafta nihoyasida mahalliy to'qimachilik sanoatini rivojlantirish va uni “GSP+” tizimiga asosan Yevropa Ittifoqi bozorida targ'ib qilishga bag'ishlangan “Yangi O'zbekiston to'qimachiligi: Yevropa Ittifoqida “GSP+”ning benefitsiari” nomli forum bo'lib o'tdi. Tadbir "O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), O'zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi va eksportni rivojlantirish agentligi ko'magida tashkil etildi.

— Biz shu paytga qadar bunday anjumanlarni Farg'ona vodiysi viloyatlarida o'tkazdik, — dedi “O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi raisi Ilhom Haydarov. — U mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etiladi. Asosiy maqsad korxona, kompaniyalar, xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining rahbar -mutaxassislariga Evropa Itifoqining GSP+ tizimi imtiyozlarini tushuntirish va ularning mazkur imkoniyatlardan foydalanishga targ'ib qilishdan iborat. 

To'qimachilik sanoati tashqi bozorga yuqori qo'shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar etkazib berayotgan istiqbolli tarmoqlardan biri. Shunday ekan, endilikda tarmoqning Yevropadagi tashrif qog'ozi qanday bo'lishi kerak, degan savol kun tartibidagi asosiy vazifalardan biriga aylangan.

Forumda ham bu masala keng miqyosda muhokama qilindi. Unda Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, mamlakatimizning Belgiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilyor Hakimov, Germaniyaning O'zbekistondagi elchisining o'rinbosari Kristofer Fuks, Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi rahbari Yonas Astrup, GSP HUB guruhi rahbari Villem van der Gest, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati vakolatxonasi rahbari York Pudelka, Control Union sertifikatlash kompaniyasi rahbari Yoxan Maris va boshqalarning  ishtirok etganligi ham buni tasdiqlab turibdi. Tabiiyki, ular GSP+ preferentsiyalarinining mamlakatimiz va Yevropa bozori uchun ahamiyatini ta'kidlagan holda, bu imkoniyatdan samarali foydalanishda yaqindan hamkor  bo'lishga hozirliklarini ham bildirishdi.

Haqiqatan, GSP+ tizimidan foydalanish Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratadi.  Chunki, eksport qilinadigan bir qator muhim tovarlarga tariflar bekor qilinib, o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksport qilinishii mumkin bo'lgan tovarlar soni 6200 taga yetdi. Bu, avvalgi maqomdan tikki baravar ko'p, shu jumladan, SP + da 1000 dan ortiq to'qimachilik mahsulotlariga oid pozitsiyalarni qamrab olgan. Masalan, O'zbekistonning tashqi bozordagi mavqeini ta'minlab kelayotgan gilam, mato, to'qimachilik materiallari va tayyor buyumlari, kiyim-kechak va boshqa tovarlar o'rin olgan.

Shu o'rinda qayd etish joiz, 2021-yilning dastlabki choragida “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi hamda tarmoq korxonalari tomonidan 648,1 million dollarga teng bo'lgan to'qimachilik mahsulotlari xorijiy mamlakatlarga sotildii va respublika eksportidagi ulushi 29 foizni tashkil etdi. Ilk bora korxonalar tomonidan bir oylik mahsulot eksportida rekord natija qayd etildi — 240 million dollardan oshdi.

GSP+ tizimi qo'llanilishi bilan joriy yilda tarmoqning eksport hajmi 142,1 million AQSH dollariga, 2022-yilda 242,2 million, 2025-yilga borib 1,2 milliard dollarga etkazilishi kutilmoqda.

Belgilangan natijalarga erishish uchun “O'zto'qimachiliksanoat”  uyushmasi xalqaro tashkilotlar va sanoat korxonalari bilan hamkorlikda to'qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga olib chiqish strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bu borada har bir viloyatda mahsulotni sertifikatlashtirish, sifat va marketing masalalari yuzasidan o'kuv-amaliy treninglarni o'tkazishni davom ettiradi. Shu jihatdan olganda, forumning onlayn-gibrid shaklida tashkil etilgani va unda yurtimiz ishlab chiqaruvchilari bilan bir qatorda Germaniya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Ispaniya, Rossiya, Polsha, Latviya va Gollandiya to'kimachilik korxonalari mutaxasislarini bir platformaga birlashtirgani ham istiqboldagi hamkorlik samarasiga, to'qimachilik tarmog'ining tashrif qog'oziga bo'lgan ishonchdan ham dalolat berib turibdi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi