Bugun tumandagi 7 ta mahallada yashovchi 77 nafar ishsiz yigit-qizga eng serunum maydonlardan 20 sotixdan yer ajratib berildi va bu haqdagi maxsus sertifikat topshirildi. Ular poliz va sabzavot ekinlari ekib, oilalari daromadini taʼminlaydi. Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimidan tayinlangan mutaxassis yosh dehqonlar ishini kuzatib, amaliy yordam va maslahat berib boradi.

Kichik Qoʻrgʻoncha mahallasida yashovchi Gʻulomjon Abdusalomov bir necha yildan beri Rossiya davlatiga borib ishlardi. Pandemiya tufayli safarini keyingi surdi. Unga shu yerda qolib, dehqonchilik qilishni taklif etishganida oʻylanib oʻtirmay rozi boʻldi. 20 sotix yaxshi daromad olishga qulay imkoniyat. Gʻulomjon buning uchun tuman hokimi va boshqa mutasaddilarga minnatdorlik bildirdi.

Maʼlumot uchun, tumanda paxtachilik yoʻnalishidagi 534 gektar maydonda 2670 nafar, bogʻdorchilik-uzumchilik yoʻnalishidagi 71 gektarda 355 nafar, chorvachilikdagi 147 gektar maydonda 735 nafar, sabzavotchilikdagi 5 gektar maydonda 25 nafar ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.