Fuqaro murojaatida 20 yoshda ekani, onasi vafot etganidan soʻng otasiga yolgʻiz vasiy boʻlib qolganini maʼlum qilgan. Shuningdek, otasi 2-guruh nogironi boʻlib, mustaqil harakat qila olmasligi sababli ishlay olmasligini bildirgan. Mazkur murojaatni joyiga chiqib oʻrganish maqsadida Ombudsman xodimlari va “Tinchlik” MFY raisi ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Murojaatchi K.U.ning turarjoyiga yetib borilganda, ishchi guruh aʼzolari yashash uchun mutlaqo shart-sharoitga ega boʻlmagan ikkita kichik xona borligi va xonalarni isitish imkoniyati yoʻqligiga guvoh boʻldi. Qolaversa, oilaning qarzdorligi sababli xonadon gazdan ham uzib qoʻyilgani maʼlum boʻldi.
Fuqaroning aytishicha, onasi tirikligida u boshqa davlatda ishlab, uyiga pul yuborib turgan. Shu pulga yangi uy qurishga kirishilgan, lekin ona vafotidan keyin qiz otasiga gʻamxoʻrlik qilish uchun vatanga qaytgan va qurilish ishlari chala qolgan. Hozir qiz tomorqasida sabzavot va koʻkat ekib, sotish orqali kun koʻradi.
Murojaatchi yogʻingarchilik kunlari sovuqdan otasining sogʻligʻi yomonlashishidan xavotirda va sovuq kunlarda issiq boshpanaga ega boʻlish uchun davlatdan yordam soʻramoqda.
Oʻrganish natijalariga koʻra, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) 2022-yilning 25-oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimligiga murojaat qilib, murojaatchiga uy-joy sharoitini yaxshilash uchun moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni soʻradi.