Xotira kechasini O'zbekiston teatr arboblari uyushmasi rahbari, SSSR xalq artisti Yoqub Ahmedov ochib berdi. Shundan so'ng marhum san'atkorning farzandi Ma'murxo'ja Xo'jaev so'zga chiqib, xotira kechasini tashkil etgani uchun avvalo teatr jamoasiga va kechaga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga minnatdorlik bildirdi. So'zi davomida Xo'jaev otasining nafaqat buyuk san'atkor, balki buyuk ota ham bo'lganini alohida e'tirof etdi. Shundan so'ng O'zbekiston xalq artistlari Mar`yam Ixtiyorova, Yodgor Sa'diev, erkin Komilovlar ham mehmonlarga Soib Xo'jaev bilan bog'liq eng go'zal xotiralarini so'zlab berdilar. Ayniqsa, Yodgor Sa'diev tomonidan san'atkor yoqtirgan qo'shiqning ijro etilishi kechaga kutilmagan tuhfa bo'ldi. Shuningdek, Soib Xo'jaevga bag'ishlangan hujjatli fil`m ham kecha ishtirokchilari ko'z o'ngida san'atkorni jonlantirganday bo'ldi go'yoki. Alohida aytish joizki, teatr aktyor va aktrisalarining chiqishlari, ayniqsa, xo'r jamoasi tomonidan ijro etilgan qo'shiqlar barchaning ko'nglini shod etdi, desak xato bo'lmaydi. O'zbek davlat drama teatri artistlari, “Sho'rdanak” guruhining chiqishlari ham muxlislar olqishiga sazovor bo'ldi. Umuman olganda, ko'ngillarga yaqin insonni xotirlash kechasi uning o'zidek samimiy, betakror o'tdi.
Munojat Mo'minova,
"Yangi O'zbekiston" muxbiri









