— Siz Toshbulovning uy-muzeyini bir ko'ring, og'zingiz ochilib qoladi, — dedi Forish tumanidagi “Osmonsoy gullari” fol`klor-etnografik jamoasi rahbari Zuhra Mahmudova bir suhbatimizda.
Bu muzeyga qiziqib qoldim. Uni izlab Ana-muna qishlog'iga mahalla faollari bilan birga bordik. 20-maktab qoshida tashkil etgan uy-muzey o'tmishdan guvohlik berib turibdi. Qadimiy sopol idishlaru omoch, mola kabi qishloq xo'jaligi qurollari, to'quvchilik sanoatiga tegishli dastgoh va mato parchasi, numizmatikaga oid eksponatlar, ya'ni 1895–1897 yillardagi pul, tangalar ham bor. CHig'iriq, bo'yinturuq, suv tegirmoni, chaqmoq va beshotar miltiqlar, qora chiroq, deysizmi, Sayyod qishlog'i ahliga tegishli ko'hna ko'zalar, to'qimachilikda foydalanilgan moki, o'lchov birligidagi idishlar, tova, qozon, po'latdan yasalgan pokilar — bularning ko'pi forishliklarga bobolardan avlodlarga o'tib kelgan.
Boringki, ko'hna Forishning kechmishidan guvohlik beruvchi neki dalillar bo'lsa, bari mavjud. Bektemir Toshbulov bularning hammasini o'zi uyma-uy yurib, olisu yaqindan yig'ib kelgan.
— Mana bu yog'och kovushning ham o'z tarixi bor, — deydi muzey sohibi. — Ikkinchi jahon urushi yillari fashistlar bostirib kelgan vaqtda Moldaviya, Ukrainadagi zavodlarni mamlakat ichkariga ko'chirib kelish uchun keksalardan ham foydalanilgan. Otam ham ana shular qatori ishlash uchun chaqirilgan. Ana shunda junpaypoqlar bilan mana shu yog'och kovushlar kiyilgan. Otam 1895 yilda tug'ilgan, ular joydan joyga ko'chish paytida bu erdagi ko'plab ashyolarni o'zlari bilan olib yurgan. Qadimda bobolarim to'qimachilik bilan shug'ullangan. Bu dastgohni devor orasidan topib olganman. Ular bunda bo'zdan mato to'qishgan.
CHindan ham qadimiy dastgoh va unda to'qilgan bir parcha mato o'tgan asrlarda ota-bobolarimizning usta hunarmand bo'lganidan dalolat berib turibdi. Buyumlar orasida yillar zalvori ta'sir qilsa-da, sarg'ayib, ayrim iplari to'zgan bo'lsa-da, hali-hamon mustahkam turgan arqonga ko'zimiz tushdi.
— Bu — "ekan" degan o'tdan tayyorlanadigan kashuk arqoni. Ilgari Forishda — Aydarko'l atrofida o'sgan bu o't. U XIV-XV asrlarga tegishli eksponat, — deydi Bektemir aka.
Bektemir Toshbulov 1957 yilda Forish tumanida tug'ilgan. Avval mexanizator bo'lib ishlagan. So'ng Litvada harbiy xizmatni o'tagan. Jizzax pedagogika bilim yurtida o'qigan. 1980 yilda JDPIning rus tili va adabiyoti fakul`tetini bitirgan. Ikki o'g'il, bir qizi bor, ayoli chevar. Baxtli oilalardan biri. U muzeyni 1977 yildan boshlab tashkil etishga kirishgan. Uyma-uy kirib, aholidan hamma eski buyumlarni o'zi yig'ib chiqqan. Bugungi kunda naqd 2,5 mingdan ziyod eksponati bor. Haligacha bozorlardan sotib olib bo'lsa ham ko'rgazmali, tarixga aloqador buyumlarni muzeyga keltiradi.
— Avval tumanimizdagi 1-maktabda tushuncha olib bordim. Noyob tarixiy buyumlardan farzandlar boxabar bo'lishi, ota-bobolarimiz tarixini chuqur o'rganishi uchun muzeyga ko'hna ashyolar kerakligini o'qituvchi va o'quvchilarga tushuntirdim. 1983 yilda buyumlar burchak holatida qo'yilgan edi, keyinchalik soni ortdi. Muzey binosi hashar yo'li bilan qurildi, — deydi domla.
Bu muzeyda Forish o'tmishiga doir ajib hikoyalarni eslatuvchi bebaho dalillar borki, ular dunyo xazinalari kabi chog'roqqina, zax va ko'rimsiz binodan joy egallagan. Muzey egasi bizga erinmay, barcha eksponatlarni sanama-sana tushuntirar ekan, bunday fidoyi odamlarning o'zi tarixga daxldor emasmikan, degan o'ylar kechdi xayolimizdan. Biroq muzey joylashgan inshootning tor, ta'mirtalab ekani ko'ngilmizni xira qildi. Xonalar qorong'i, sovuq. Bizni ko'hna tariximiz bilan bog'lab turuvchi bu kabi muzeylarning ko'rkam, barcha bolalarni o'z bag'riga ololadigan darajada keng bo'lishini istardik. Tegishli mutasaddilar bu kichik tuyulgan, ammo aslida ma'naviy ko'lami katta masalaga e'tibor qaratsalar, ko'ngildagidek ish bo'lardi. Kelgusida Bektemir Toshbulovning muzeyi yanada kengayishiga, ko'rkam binolarda joylashishiga umid bilan qaytdik.
Xolnisa RAHMONQULOVA