Onlayn tarzda o'tkazilgan xalqaro uchrashuvda dunyoning 165 ta davlatidan 400 ga yaqin a'zo davlat va nodavlat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, yirik jamg'armalar vakillari ishtirok etdi.
Global tuproq hamkorligiga bag'ishlangan yig'ilishda FAO va GSP tashkilotlarining mamlakatimizdagi rasmiy a'zosi, O'zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo'mitasi tuzilmasiga kiruvchi “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi mutaxassislari ham faol qatnashdi.
Bir necha kun davom etgan xalqaro uchrashuvda tuproqning organik uglerodi, tuproq ifloslanishi, eroziyasi va biologik xilma-xilligi, sho'rlangan tuproqlar mavzularida global simpoziumlarni o'tkazish, o'g'itlardan foydalanishda xalqaro me'yor kodeksi, tuproqni barqaror boshqarishni baholash protokoli, global tuproq laborotoriya tarmoqlarini rivojlantirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Plenariyada SoilEX onlayn ma'lumotlar bazasi taqdimoti ham o'tkazildi.
– SoilEX onlayn vositasi tuproqni himoya qilish, saqlash va qayta tiklash bo'yicha milliy qonunchilik, amaldagi qonuniy hujjatlar to'g'risidagi ma'lumotlardan foydalanishni osonlashtirish va turli tomonlar o'rtasidagi bo'shliqni bartaraf etish maqsadida yaratilmoqda, – dedi GSP kotibiyati vakillari Hugo Borhuis va Nataliya Rodriges. – Ushbu xalqaro onlayn platforma tuproqning milliy vositalarini izlash, tuproqni boshqarish va himoya qilish bilan bog'liq turli huquqiy sohalarni tushunish, shuningdek, davlatlar va mintaqalar o'rtasida tuproqshunoslik sohasida tajriba almashishga yordam beradi.
Uchrashuv yakunida xalqaro tashkilotlar azolari o'rtasida kelgusida bajariladigan ishlar yuzasidan kelishuv va rejalar belgilandi. Xususan, yig'ilish ishtirokchilari 2021 yilning oktabr` oyiga rejalashtirilgan Evropa va Evroosiyo tuproq laboratoriyalari tarmog'ining ikkinchi uchrashuvi Toshkentda o'tkazilishini bir ovozdan ma'qulladi. Xalqaro uchrashuvga “Tuproqsifattahlil” DUK mezbonlik qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri