Saylovlarda viloyatlardan Toshkent shahriga kelib tahsil olayotgan talabalarning ham poytaxtda ovoz berishi uchun sharoit yaratiladi. Shu maqsadda poytaxtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalaridagi turarjoylar va ijarada yashovchi talabalarning roʻyxati shakllantirilib, saylov uchastkalariga biriktirilgan. Ovoz berish jarayonini tashkillashtirish boʻyicha oliy taʼlim muassasalari masʼullari tomonidan talabalarga tushuncha berib kelinmoqda.

Jumladan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida yoshlar forumi tashkil etildi. Forumda universitet rektori A.Umarov, targʻibot guruhi aʼzolari, saylovda birinchi marta ishtirok etayotgan talabalar hamda uzoq hududdan kelib tahsil olayotgan, poytaxtda ovoz beruvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda huquqiy savodxonlikni oshirish va siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga qaratilgan “Targʻibot poyezdi” loyihasining targʻibotchilari universitet talabalariga saylov qonunchiligi boʻyicha tushuncha berdi. Suhbat saylov tizimining bugungi kundagi ahamiyati, saylov yangiliklari, unga kiritilgan oʻzgarishlar, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati xususida boʻldi.

Soʻng talabalar uchun Ziyo Forum fondi bilan hamkorlikda saylov qonunchiligiga bagʻishlangan viktorinalar, savol-javoblar tashkil etilib, gʻoliblar taqdirlandi. Forumda talabalar oʻzlari biriktirilgan saylov uchastkalari va ovoz berish jarayoni boʻyicha maʼlumotga ega boʻldi.

Forum yakunida talabalar uchun konsert dasturi uyushtirilib, barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashildi.