Bu haqda hayvonot bogʻ maʼmuriyati maʼlum qildi.
«Oq bengal yoʻlbarsi Fufunya hamda Amur yoʻlbarsi Navroʻzga qarata otilgan qor koptoklari ichida tosh solingani maʼlum boʻldi» — deyiladi maʼmuriyat xabarida.
Maʼlum qilishinicha, hodisa aniqlangan zahoti qoidabuzarlar hayvonot bogʻi hududidan zudlik bilan chiqarib yuborilgan.
Taʼkidlanishicha, Amur yoʻlbarsi yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan noyob tur hisoblanadi. Oq bengal yoʻlbarsi esa alohida parvarish va kuchaytirilgan himoyani talab qiladigan juda kamyob jonzotdir.
Toshkent hayvonot bogʻi maʼmuriyati hayvonlarni asrash va ularning xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa ekanini qayd etib, hayvonlarga zarar yetkazgan yoki belgilangan qoidalarni buzgan har qanday shaxs hayvonot bogʻi hududidan darhol chiqarib yuborilishini maʼlum qildi.