Bu haqda metropoliten maʼmuriyati maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, bugungi kunda koʻplab bekatlarda chipta sotib olish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrnatilmoqda.
Shu sababli, kassa operatori lavozimidagi xodimlariga boʻlgan talab kamayib bormoqda. Yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish oʻrinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Jumladan, birinchi bosqich doirasida 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari belgilangan normativ huquqiy hujjatlar asosida qisqartirildi.
Yuqorida taʼkidlangan avtomatlashtirilgan bankomatlarni metropolitenning barcha bekatlarida yil yakuniga qadar oʻrnatish rejalashtirilgan va buning natijasida Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlariga boʻlgan ehtiyoj qolmaydi.
“Shuni inobatga olgan holda, “Toshkent metropoliteni” DUK maʼmuriyati tomonidan faoliyat yuritayotgan operator xodimlar uchun yangi qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish rejalashtirilmoqda. Xususan, xizmat lavozimi qisqartirilayotgan har bir xodimga, oʻz istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasb-hunar oʻrganish kurslarida ishtirok etish taklif qilinadi. Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va shu kabi boshqa yoʻnalishlardagi kurslardan birini tanlash imkoniyatiga ega boʻladi“, — deyiladi xabarda.
Eng muhimi, ushbu oʻquv kurslarining toʻlovlari belgilangan tartibda “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan toʻliq qoplab beriladi.
Mazkur tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad — lavozimi qisqartirish jarayonida boʻlgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yangi kasb oʻrganish orqali barqaror daromad manbaini yaratish ekan.








