Joriy yil 21-23-aprel kunlari poytaxtimizdagi «Universal Horses Stableң majmuasida konkur bo‘yicha anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan Jahon kubogining Yevrosiyo ligasi bosqichi, 27-30 aprel kunlari esa Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi hamda «Maxsima Masters» Gran-pri turniri bo‘lib o‘tadi.

Milliy  Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, 17 aprel kuni mazkur musobaqada ishtirok etadigan sport otlari Frankfurt-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus reysda poytaxtimizga olib kelindi. Tulporlar Toshkent xalqaro aeroportidan belgilangan tartibda bazaga jo‘natildi.

Otlar bir necha kunlik tiklanish jarayoni, sanitar ko‘riklardan so‘ng mashg‘ulotlarga qo‘yiladi.

Yevrosiyo ligasi bosqichilarining yakunida kelasi yil bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichi ishtirokchisi aniqlab olinadi. Mazkur nufuzli musobaqaga Yevrosiyo ligasiga kiruvchi 11 mamlakatdan tashrif buyuradigan chavandozlar, shuningdek, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining taklifiga binoan Shvetsiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Xitoy, Yaponiya, Oman, Qatar, Eron, Hindiston kabi 20 mamlakatdan mehmonlar kelishi kutilmoqda.