Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov poytaxt hokimligi Fransiya taraqqiyot agentligi va uning Toshkentdagi ofisi bilan o‘zaro hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ta’kidlab, qator qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Xususan, Veolia kompaniyasi bilan birgalikda joriy etilishi kutilayotgan issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatga taqdim etilgan Toshkent shahrining transport tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish Kontseptsiyasini birgalikda amalga oshirish taklifini bildirdi.

Fransiya taraqqiyot agentligining Toshkentdagi ofisi rahbari Rafael Jozan hozirgacha o‘zaro munosabatlarimiz muloqotlar tarzida kechayotganligini ta’kidlab, amaliy jarayonga kirishish ikki tomon uchun ham muhimligini ta’kidladi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmankulov esa amaliy jarayonlar ostonasida turganligimizni ma’lum qilib, poytaxtimizning issiqlik tizimini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish bo‘yicha Veolia kompaniyasi taqdim etgan Kontseptsiya hukumat tomonidan ma’qullanganligi va yaqin kunlarda uni amalga oshirish yuzasidan tender o‘tkazilishi, so‘ng loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanib, amaliy ishlarga kirishilishini qayd etdi.

Bundan tashqari Fransiyaning SUEZ kompaniyasi bilan hamkorlikda 7 yilga mo‘ljallangan “Toshkent suv ta’minoti transformatsiyasining rejasi”ni bajarishga kirishilganligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, hokimlik joriy yilda poytaxtdagi 3 ta suv tozalash inshootlaridan birini rekonstruktsiya qilishni rejaga kiritganligini hamda shahardagi issiqxonalarni zamon talablari darajasida ta’mirlash ham dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi.

FTAning mintaqaviy ofitseri Aksel Nos agentlik bu kabi shahar xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan loyihalarda ishtirok etish, ularni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligi, faqat ular haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lgach, loyihalarni navbatdagi istiqbolli rejalarga kiritishi mumkinligini bildirdi.

Sharof Rahmonov yaqin kunlarda FTAga hokimlik tomonidan Toshkent shahrining transport tizimini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish Konsepsiyasi taqdim etilishini ma’lum qilib, bu borada ham muloqotlar va amaliy sa’y-harakatlar davom etishiga umid bildirdi.