Poytaxtimiz aholisi sonining yil sayin oshib borishi unda yangi ijtimoiy soha ob'ektlarini qurish, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko'paytirish choralarini ko'rishni talab etmoqda.
Birgina misol, joriy yilning 1-iyul holati ma'lumotlariga ko'ra, Toshkent shahri aholisi soni 2737,2 ming kishini tashkil etib, shu yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga o'sgan. Aholining zichligi esa 1 kilometr kvadrat maydonga 7 564 kishini tashkil etmoqda.
Shu jihatdan, yurtimizda 2018-yildan Toshkent shahri chegaralarini o'zgartirish bo'yicha loyihani ko'rib chiqish boshlangan edi. Mazkur loyiha joriy yilning 27-avgust kuni Oliy Majlis Senatining o'n sakkizinchi yalpi majlisida tasdiqlandi va shu kunlarda hudud yerlarini qabul qilib olish jarayonlariga kirishildi. Unga ko'ra, Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o'tkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar, O'rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar er maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar er maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga kiritilyapti.
— Toshkent shahriga o'tkazilayotgan maydonlarning bir qismi qishloq xo'jaligi yerlari bo'lib, hozir ularda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo'jaligi masalalari qo'mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Oldimizda turgan masalalardan biri shuki, ushbu maydonlarning poytaxt tasarrufiga ko'chirilishi kelajakda oziq-ovqat zaxirasi kamayishiga olib kelmasligi lozim. Loyiha qabul qilingunga qadar o'tkazilgan muhokamalarda ana shu masalalarga ham e'tibor qaratildi. Bu borada xalqimiz turmush farovonligiga daxl qilmaydigan loyihalar, choralarni ko'rish belgilangan. Ya'ni, hududlar chegaralaridagi o'zgarishlar ularning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligiga ta'sir qilmagan holda, aksincha, yangi loyihalar asosida yanada rivojlanishiga yo'l ochadi. Buning uchun mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo'yilgan.
Ro'yxatga olish ishlari qanday hal etiladi?
Hududlarda boshlangan xatlov ishlariga tegishli tashkilotlar vakillari hamda Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahri boshqarmalari tizimidan 80 nafar xodim biriktirilgan. Ayni paytda mutasaddilar joylarga chiqib, xatlov o'tkazmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o'tayotgan hududlarda 42 ta MFY mavjud bo'lib, bugungi kunda ularda 95 872 kishi istiqomat qiladi. Shuningdek, 2025 o'rinli 15 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 8756 o'ringa ega 16 ta umumta'lim maktabi va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud. 1 421 ta kichik tadbirkorlik sub'ekti sanoat, xizmat ko'rsatish va servis sohalarida faoliyat yurityapti.
Xatlov jarayonlari tizimli tarzda, aniq ma'lumotlar asosida o'tkazilyapti. Ammo jarayonda fuqarolarni boshqa masala — ularga tegishli kadastr hujjatlari va ro'yxatga olishning qanday hal etilishi bilan bog'liq ishlar qiziqtirayotgani tabiiy. Axir yashash manzilining o'zgarishi ozmuncha vaqt va xarajat talab etadigan jarayon emas.
— Hududlarni o'zgartirish, xususan, Toshkent shahri tarkibiga o'tkazilayotgan qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan (sug'oriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish masalalarining bari qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahri boshqarmasi boshlig'i Jasurbek Karimov. — Hukumatning tegishli qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o'tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o'tkazish orqali yangi manzil bo'yicha qayta ro'yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjetining hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko'rib chiqilib, tegishli o'zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko'chmas mulklari kadastr hujjatlariga o'zgartirishlar qilinadi. Ularning avtotransport vositalarini ro'yxatdan o'tkazish, davlat raqamlarini o'zgartirish va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi. Qonunchilikka ko'ra, aholiga tegishli joyda o'zgartirish kuzatilsagina kadastr xujjatlari to'lov asosida rasmiylashtirib beriladi. Toshkent viloyatidan Toshkent shahri hududiga o'tayotgan bino va inshootlar fuqaro murojaat qilganida hududi o'zgarishsiz bo'lsa, tekin rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent shahriga o'tkazilayotgan tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda. Mazkur hududlarning muhandislik-kommunikatsiya va yo'l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish masalalari ham hukumatning alohida qarori bilan hal etilishi ko'zda tutilgan. Demak, hududlarni o'zgartirish bilan bog'liq bu kabi o'zgarish va yangilanishlar aholi turmush sharoitini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shahar eksport salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo'l infratuzilmasi obyektlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi topshirig'iga muvofiq, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o'tayotgan hududlarning xatlov ishlari joriy yil 31-dekabriga qadar yakuniga yetkazilishi belgilangan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri









