Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri issiqlik taʼminoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligining 10 dan ziyod mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqildi.
Ayni kunda Toshkentda 447 ming isteʼmolchiga issiqlik taʼminoti yetkazilib, mavjud 2 692 km tarqatish tarmoqlarining 72 foizi, 200 ta lokal qozonxonaning 89 foizi, 3 ta markaziy qozonxonaning barchasi eskirgan. Shulardan kelib chiqib, qarorga binoan:
- Toshkent shahar issiqlik taʼminotini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Veolia” (Xususiy sherik) kompaniyasiga 30 yil muddatga boshqaruvga beriladi.
- Dastlabki 2 yilda “Veolia”ga pilot loyiha sifatida Bektemir va Sergeli tumanlaridagi 118 ta koʻp qavatli uy va 43 ta ijtimoiy soha obyektining issiqlik tizimlari modernizatsiya qilinadi (yopiq tizimga oʻtkaziladi).
Pilot loyiha doirasida jami 15 mln yevro investitsiya hisobiga 13,5 mingta issiqlik va 153 mingta issiq suv oʻlchagichlarini oʻrnatish, 142 ta avtotransport, 451 ta texnika va 1 ta mobil qozonxonani xarid qilish, 1 142 ta issiqlik stansiyasini oʻrnatish va rekonstruksiya qilish, 22,3 gkal/s quvvatli lokal qozonlarni modernizatsiya qilish, 53,4 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish koʻzda tutilmoqda.
Pilot loyihasining ijrosi (KPI) yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining tavsiyasiga hamda texnik auditorning hisobotiga koʻra bitim 2 yildan keyin qayta koʻrib chiqiladi.
Osiyo taraqqiyot banki dastlabki 3 yilda loyihani amalga oshirish va monitoring qilish boʻyicha maslahatchi sifatida koʻmaklashadi va xizmatlar Osiyo taraqqiyot bankining grant mablagʻlari hisobiga bajariladi.
“Toshissiqquvvati” DUKga tegishli boʻlgan barcha mol-mulkni Xususiy sherikka egalik qilish va vaqtinchalik foydalanishga bepul beriladi.
Toshkent shahar hokimligiga mazkur bitimni 18 yildan keyin ixtiyoriy ravishda bir tomonlama bekor qilish huquqi beriladi.
Loyiha amal qilish davrida (30 yil) Xususiy sherik tomonidan jami 181 ta inshoot va qozonxonani modernizatsiya qilish, 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish, 841,1 km tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik va 2 464,6 ming dona issiq suv oʻlchagichlarni oʻrnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika (avtomashinalar) xarid qilinadi.
Mazkur ishlarni moliyalashtirishga Xususiy sherik tomonidan 362 mln yevro (shundan, 20 mln yevro toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya, 342 mln yevro loyihadan olinadigan foydasi hisobidan) va 982 mln yevro isteʼmolchilardan olinadigan toʻlov mablagʻlari hisobidan jalb qilinadi.
- Loyihadan oladigan sof foydaning tan narxiga nisbatan 10 foizini Xususiy sherikka, undan oshgan qismini esa Toshkent shahar hokimligi qoshida tashkil qilinadigan Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi. Jamgʻarmaga shuningdek davlat subsidiyalari va isteʼmolchilardan olinadigan toʻlovlarning kapital taʼmirlash uchun ajratiladigan qismi ham yoʻnaltiriladi.
“Veolia” kompaniyasi tomonidan Loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqlik taʼminoti samaradorligi 50 foizga oshadi hamda issiqlik yoʻqotilishi 44 foizdan 20 foizga pasaytiriladi, yillik tabiiy gaz sarfi 45 foizga, elektr energiyasi sarfi 25 foizga, ichimlik suv sarfi 40 foizga tejaladi. Shuningdek, loyiha davri mobaynida jami 9,2 mlrd m3 tabiiy gaz, 3,1 mlrd kVt elektr energiyasi va 1,1 mlrd m3 ichimlik suvi tejalib, jami 13,6 trln soʻmlik xarajatlar iqtisod qilinishiga erishiladi.
Loyiha ijrosini monitoring qilish uchun Toshkent shahar hokimligida mavjud shtatlar doirasida 4 ta xodimdan iborat davlat-xususiy sheriklik boʻlimi tashkil qilinadi.