Shu paytgacha statsionar sharoitda bemorlar uchun davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ijtimoiy, yuqumli kasalliklari boʻlgan, onalik va bolalik yoʻnalishi hamda shoshilinch tibbiy yordam talab etiladigan barcha holatlarda koʻrsatilgan.
Shu bilan birga, respublika tasarrufidagi tibbiyot muassasalari (klinik shifoxonalar va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari) hamda shahar klinik shifoxonalari tomonidan faqatgina imtiyozga ega boʻlgan aholi qatlamiga bepul tibbiy xizmat koʻrsatilgan.
Ammo aholining imtiyozga ega boʻlmagan qatlami (18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar va 18 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan ayollar) uchun rejali ravishda statsionar sharoitida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish uchun sharoit yaratilmagan edi. Ushbu fuqarolarning aksariyati rejali statsionar sharoitida davolanish uchun tibbiyot muassasalarining pullik xizmat boʻlimlariga murojaat qilishiga toʻgʻri kelgan. Endilikda bu holatlarga barham berildi.
Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, davlat byudjeti hisobidan davolanish uchun beriladigan yoʻllanma (order)larni endilikda poytaxtimizdagi 11 ta shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari bilan bir qatorda 64 ta oilaviy poliklinikaning oila shifokori tomonidan ham beriladigan boʻldi. Bu haqda Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining tegishli buyrugʻi qabul qilindi.
Unga koʻra, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi barcha tibbiy muassasalar (1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-son shahar klinik shifoxonalari, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasi, shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar teri tanosil kasalliklari dispanseri hamda boshqarma tasarrufidagi barcha tugʻruq komplekslari) order tizimiga oʻtkazildi.
Davolanish uchun xarajatlar qanday taʼminlanadi?
— Har bir orderning ortida oʻrtacha 2,5-3 million soʻm xarajat yotibdi. Biz shahar tibbiyot muassasalari miqyosida oyiga 5 000 mingdan ortiq shunday orderlar ajratdik va statsionar muassasalarga taqsimladik, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari — Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi Anvar Alimov. — Shunday qilib, yil davomida ilk bor imtiyozga ega boʻlmagan 60 ming nafardan ortiq fuqaro byudjet mablagʻlari hisobidan kafolatlangan rejali statsionar davolanishga erishiladi. Ushbu oʻrinlar soni ehtiyojdan kelib chiqqan holda, strukturaviy oʻzgarishlar asosida oʻrin joylarni va kerakli boʻlimlarni kengaytirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida Respublika muassasalariga boʻlgan murojaatlar keskin kamayishiga erishiladi.
Bugungi kunda yangi tartib asosida bemor bevosita oila shifokori tomonidan beriladigan yoʻllanma (order) asosida hech qanday toʻlovsiz va navbatsiz rejali ravishda davolanish huquqiga ega boʻlmoqda.
Shu orqali Toshkent shahri aholisining imtiyozsiz aholi qatlamini rejali statsionar sharoitda davolash, sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari belgilash maqsadida, klinik shifoxonalarda 29 ta yoʻnalish boʻyicha 1 140 ta oʻrin-joy tashkillashtirildi (ixtisoslashtirilgan xirurgiya yoʻnalishi 443, terapiya 245, endokrinologiya 125, kardiologiya 130, nevrologiya 113, revmatologiya 42, allergologiya 20 , pulmonologiya 25 va oftalmologiya 95 oʻrin joy va boshqalar). Shu tariqa imtiyozga ega boʻlmagan aholiga statsionar sharoitida davolanish uchun order olish mumkin boʻlgan muassasalar soni poytaxtimizda 11 tadan 75 ta tibbiy muassasalarga oshirildi.
Bugungi kunda oʻtkazilayotgan xatlov yakuni bilan rejali ravishda statsionar sharoitida davolanishga muhtoj boʻlgan bemorlarning kasallik yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha boʻlimlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan.
Order bor, oʻrin bor, sifat-chi?
Bu loyiha, oʻz navbatida, tibbiy xizmat sifatini va shifokorlar malakasini ham yana-da yuksaltirishni talab qiladi. Shuning uchun, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining yuridik maqomga ega boʻlmagan 11 ta filialini ochish boʻyicha memorandumlar imzolandi.
Hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida yangi 20 oʻrinli neyroonkologiya, shahar 1-son klinik shifoxonasida 20 oʻrinli kattalar uchun gematologiya, shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasida esa 20 oʻrinlik bolalar uchun gematologiya boʻlimi tashkil etildi.
Toshkent shahrida yashovchi bemorlarga malakali kardiologik, terapevtik, endokrinologik, travmatologik, oftalmologik, neyroxirurgik, urologik, nevrologik, xirurgik va gemodializ yoʻnalishlari boʻyicha malakali tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish va yuqori texnologik amaliyotlarni oʻtkazish ishlarini samarali taʼminlash imkoniyati yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahri aholisiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarni vaqtida davolash maqsadida kiritilayotgan bunday oʻzgarishlar poytaxtimizning tibbiy landshaftini yaxshilashga va aholining salomatlik koʻrsatkichlarnini yuksaltirishga xizmat qiladi.