Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash borasida kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar maʼlum qilindi

    30-yanvar kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining sabablari, koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida Oliy Majlisda navbatdagi parlament eshituvida axborot berdi.

    Aziz Abduhakimov Toshkent shahri atmosferasi ifloslanishiga sabab boʻlayotgan holatlarni keltirib oʻtdi. Xususan, antropogen omillar — shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilishlarning jadal amalga oshirilayotgani, qurilishlar sababli moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan daraxtlarning kesilishi, “Yevro 4” ekologik standarti talablariga javob bermaydigan (AI-80) yoqilgʻidan foydalanayotgan mashinalarning meʼyoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi atmosferaning ifloslanishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

    “Toshkent shahrida 2022-yilda 715 ming avtotransport vositasi harakatlangan va natijada atmosfera havosiga 403,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan. 2023-yilda esa poytaxtda harakatlangan avtotransport vositalari soni 8 foizga ortib, 775 mingtani tashkil etgan. Natijada atmosfera havosiga 435,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan”, — dedi Aziz Abduhakimov.

    Vazir, shuningdek, 2019-yilda 3,9 mln tonna, 2022-yilda 5,3 mln tonna, 2023-yilda esa 6,7 mln tonna koʻmir yoqilgʻisidan foydalanilgani, bu ham atmosfera havosiga katta zarar keltirganligini aytib oʻtdi.

    “10 tonna koʻmir yoqilgʻisi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi chiqariladi. Bu raqamlarning oʻziyoq koʻmirning zarari qanchalik katta ekanligini koʻrsatib turibdi”, — dedi vazir.

    Shuningdek, vazir ekologik vaziyatni yaxshilash borasida quyidagi kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi:

    — “Yevro-4” standartidan (AI-80 rusumli benzin) past ekologik toifadagi motor yoqilgʻidan foydalanishni taqiqlash;
    — Tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida kunning tigʻiz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun moʻljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarining harakatini cheklash;
    — Shaharning diqqatga sazovor markaziy koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
    — Jamoat transportini toʻliq elektr va gaz yoqilgʻisiga oʻtkazish, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini tashkil etish;
    — Barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy eʼlon qilish;
    — Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlari koʻmir yoqilgʻisidan foydalanishni taqiqlash;
    — Issiqlik markazlarida zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;
    — Ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari koʻchishini oldini olishga qaratilgan Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish.

    Hisobotdan soʻng vazir deputatlarning ekologik holatga doir savollariga javob qaytardi.