Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda shubha ostiga olingan fuqarolar S.Q. (muqaddam sudlangan) va X.A. to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda S.Q.dan 396 dona X.A.dan 199 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelganlar A.N. (muqaddam sudlangan) va T.P. o‘zaro til biriktirib, fuqaro D.X.ga 20 dona “regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, ulardan jami 34 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.