Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrida YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta'lim berish bo'yicha II Butunjahon konferentsiyasini yuksak saviyada tashkil etish va o'tkazish haqida»gi farmoyishida ma'lum qilingan.
Hujjatda qayd etilishicha, II Butunjahon konferentsiyasini o'tkazish tashabbusi O'zbekiston Maktabgacha ta'lim vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ilgari surilgan.
Hukumat farmoyishiga binoan, YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta'lim berish bo'yicha II Butunjahon konferentsiyasini o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mita tasdiqlandi.
Qo'mitaga Butunjahon konferentsiyasini o'tkazish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi va xarajatlar smetasini tasdiqlash, zarur hollarda unga o'zgartirishlar kiritish vakolati berildi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi Butunjahon konferentsiyasini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha ishchi organ hamda buyurtmachi etib belgilandi.
Hujjatga ko'ra, Butunjahon konferentsiyasiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori darajada o'tkazish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi xodimlarining YUNESKO Bosh ofisiga xizmat safarlari tashkil etiladi.
Farmoyishga binoan, O'zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik muassasalari tomonidan anjumanning xorijiy ishtirokchilari uchun mamlakatimizda kirish vizalari, istisno tariqasida, konsullik hamda boshqa yig'imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi ta'minlanadi.