Jarayonni vazirlik axborot xizmati yoritdi.

Murojaatlarga koʻra 9 qavatdan iborat mazkur uyning yertoʻla qismida tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Holat joyida oʻrganilganda, haqiqatan ham koʻp qavatli uyning yertoʻlasi buzilib yotgani, hatto, bino fundamenti oʻzgartirilayotgani aniqlandi.

Mazkur noqonuniy qurilmalar boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal sohasida nazorat inspeksiyasining uy-joy fondi va ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha masʼullari chaqirtirilib, mavjud holatni tezkorlik bilan oʻrganish vazifasi yuklatildi, deyiladi xabarda.

Ozoda Joʻrayeva 12-b uy aholi vakillarining kommunal sohaga oid boshqa muammolarini ham tingladi. Xususan, ular tomonidan uyda issiqlik tizimining yaxshi ishlamasligi bildirildi. Vazir oʻrinbosari poytaxtimizda holati yaxshi boʻlmagan uylarning ichki tizimini toʻliq almashtirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilganligini taʼkidladi.

— Dalatimiz rahbari tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan bu yil Toshkent shahridagi 1 825 ta ichki tizimi nosoz, muammoli koʻp kvartirali uyning kommunikatsiya tizimlari toʻliq yangilanishi rejalashtirilgan. Xususan, siz istiqomat qiluvchi hamda mahallangizdagi yana 4 ta uy ushbu roʻyxatga kiritilgan. Bu boʻyicha tez kunlarda taʼmirlash ishlari boshlanadi. Oʻzaro hamjihatlikda uyingizdagi barcha kommunal muammolarni bartaraf etilishiga erishamiz, — dedi vazir oʻrinbosari.

Maʼlumot uchun, uyning yertoʻla qismidagi qoidabuzarliklar inspeksiya tomonidan oʻrganilmoqda.