Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Garvard universiteti talabasi boʻldi

    Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Sobirov dunyo reytingida TOP 5 likka kiruvchi Garvard universitetiga 354,000 AQSH dollari miqdoridagi grant bilan oʻqishga qabul qilindi.

    Bu haqda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, Abdulaziz AQSHning bakalavriat kollejlari orasida 11-oʻrinni egallaydigan Grinnell kollejining 300,000 AQSH dollari miqdoridagi grantini ham qoʻlga kiritgan.

    IELTSdan 8,5 ball hamda SATdan 1560 ball sohibi Abdulaziz “Zakovat Oʻquvchilar Ligasi” 2022-2023 mavsumi mutlaq gʻolibi – “Et Cetera” jamoasi aʼzosidir.

    Qolaversa, Abdulaziz “Vice-head of the United students” vitse-prezidenti hamda “PSAD” klubi asoschilaridan biri hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun, Garvard universitetida Jon Kennedi, Jorj Bush, Barak Obama, Bill Geyts, Mark Sukerberg, Robert Oppengeymer, Teodor Ruzvelt, Benazir Bhutto singari mashhur shaxslar tahsil olgan.