Toshkent shahriga kirishga cheklovlar qanday holatlarga tatbiq etilmasligi belgilandi

    Xavfsizlik 25 Iyun 2021 841

    Joriy yilning 28-iyunidan 12-iyuliga qadar Toshkent shahriga qoʻshni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali oʻta zarurat boʻlmagan hollarda kirish boʻyicha cheklovlar oʻrnatildi.

    Ushbu cheklov quyidagi holatlarga tatbiq etilmasligi belgilandi:

    Toshkent shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga;

    Toshkent shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) chet el fuqarolariga;

    davolanish uchun tashrif buyurayotgan shaxslarga;

    Toshkent shahrida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hududlardan keluvchi shaxslarga (ish joyi toʻgʻrisida tasdiqlovchi hujjat boʻlgan taqdirda);

    Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketuvchi shaxslarga (aviachipta boʻlgan taqdirda);

    Oʻzbekiston Respublikasiga turist boʻlib kelgan chet el fuqarolariga va ularni olib kelayotgan avtotransport vositasining haydovchisi hamda agar guruhli jamoa boʻlsa, tarjimon yoki turistik firma vakiliga;

    barcha turdagi yuk tashish, shuningdek, qurilish materiallari (qum, shagʻal va boshqalar) bilan bogʻliq hollarga, yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini har qanday avtotransport vositalarida hamda “Oʻzbekiston pochtasi” AJning pochta joʻnatmalarini tashish bilan bogʻliq hollarga;

    sogʻliqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining keyingi toʻlqini yuzaga kelishini oldini olish maqsadida aholidan belgilangan sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etishlari va vaksinatsiya tadbirlarida faol qatnashishlarini soʻrab qoladi.