Ushbu festival yoshlarning iqtidor va isteʼdodini namoyon qilish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hamda talabalar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Anʼanaviy tarzda tashkil etilgan yangi mavsumning musiqiy-badiiy shou dasturida akademiyaning barcha kafedralari faol ishtirok etib, oʻz ijodiy va intellektual salohiyatlarini namoyon etdi.
Festivalda oʻzaro sogʻlom raqobat, hamkorlik va doʻstlik muhiti ustuvorlik qildi. Bu esa talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, gʻoya va tashabbuslarini bir maqsadga yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirning kecha start olgan dasturida turli xalqlarning milliy anʼanalari tarannum etilgan boʻlsa, bugun kunning ikkinchi yarmida boshlangan tadbir yakunida turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Talabalik bahori“ festivali — bu shunchaki konsert emas, balki yoshlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlaydigan, ijodiy izlanishlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan platforma hamdir.
Hamkorlik materiali