Toshkent tibbiyot akademiyasida “Talabalik bahori” shukuhi

    Toshkent tibbiyot akademiyasida “Talabalik bahori” yoshlar festivali oʻtkazildi. Anʼanaga aylangan mazkur tadbir oliy taʼlim muassasasining talabalar turarjoyi hovlisida tashkil etildi.

    Festivalda barcha fakultetlarning folklor jamoalari qiziqarli musiqiy-badiiy dasturlari bilan ishtirok etdi. Milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi sahna koʻrinishlari, badiiy, folklor chiqishlari, kuy-qoʻshiqlari ijro etildi.

    Yigit-qizlar “Milliylik timsoli: folklor chiqishlar (jamoaviy)”, “Yakkaxon milliy va jahon estradasi yoʻnalishida xonandalar bellashuvi”, “Yakkaxon maqom va klassik yoʻnalishda xonandalar tanlovi”, “Yakkaxon milliy raqs bellashuvi ”, “Yakkaxon zamonaviy raqs bellashuvi ”, “Milliy ommaviy raqs tanlovi (jamoaviy)”, “Zamonaviy ommaviy raqs tanlovi (jamoaviy)”, “Suxandonlik tanlovi” yoʻnalishlarida bellashdi.

    Tadbirda “Nastarin”, “Koʻhinur”, “Nihol”, “Boychechak”, “Bogʻishamol” folklor jamoalarining sahna koʻrinishlari va musiqiy-badiiy chiqishlar tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi. “Talabalik bahori — 2024” festivali Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalarining ilgʻor gʻoyalariga turtki berib, yoshlarga xos shijoati, intiluvchanligi, aniq maqsad va istiqbolli rejalari roʻyobiga hissa qoʻshdi, deyiladi akademiya axborot xizmati xabarida.