Joriy yilning 7-iyul kuni Toshkent tumani hududi – “G‘isht ko‘prik” bojxona posti oldida Sirdaryo viloyatida yashovchi 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro, hech bir sababsiz, yo‘l yoqasidan harakatlanib ketayotgan, o‘ziga begona bo‘lgan 40 yoshli fuqaroning qorin qismiga yonida bo‘lgan pichoq bilan to‘satdan zarba berib, tan jarohati yetkazgan. Bu haqda IIV matbuot kotibi xabar berdi.
Voqea sodir bo‘lgan zahoti, hududda xizmat olib borayotgan Toshkent viloyati IIBB PPX xodimlari ushbu shaxsni atrofdagi boshqa fuqarolarga ham shikast yetkazishini oldini olish maqsadida, xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan maxsus rezina tayog‘ini ishlatib, jismoniy kuch qo‘llagan holda fuqaro Sh.E.ni qo‘lga olib, zararsizlantirishgan. Jarohatlangan fuqaro xodimlar tomonidan tezlik bilan shifoxonaga olib borilgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchi fuqaroning ruhiy holati yuzasidan psixologik ekspertiza tayinlangan.