“Dunyo” axborot agentligi xabariga koʻra, Oʻzbekistonning yirik xususiy aviakompaniyalaridan biri — “Centrum Air” Toshkent va Pokistonning yirik madaniy hamda iqtisodiy markazi boʻlgan Lahor shahri oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni boshlashini eʼlon qildi.

Yangi yoʻnalish boʻyicha aviaqatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu qadam ikki shahar oʻrtasidagi transport bogʻliqligini yaxshilash bilan birga, yoʻlovchilar uchun vaqt va mablagʻ tejash imkonini beradi.

Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi aviatsiya sohasidagi hamkorlik sezilarli dinamika koʻrsatmoqda. Hozirda “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi Toshkentdan Islomobod va Lahor shaharlariga haftasiga jami 4 ta reys ijro etmoqda. Bugungacha ushbu yoʻnalishlardan 30 mingdan ortiq kishi foydalangan. 2025-yil davomida qariyb 19 ming nafar Pokiston fuqarosi Oʻzbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyurdi.

Ekspertlarning fikricha, “Centrum Air” tomonidan yangi reyslarning ochilishi tadbirkorlar uchun yangi logistika yoʻlaklari, Pokistonlik sayyohlarning Oʻzbekistondagi muqaddas qadamjolarga tashrifini koʻpaytirish, talabalar va ilmiy doiralar vakillari uchun qulay almashinuv sohalari rivojiga kuchli turtki boʻladi.

“Centrum Air” aviakompaniyasi bozorga 2023-yilda kirib kelgan boʻlishiga qaramay, oʻz parkini tez fursatda kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Hozirda aviakompaniya tasarrufida 14 ta havo kemasi mavjud boʻlib, ular mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatmoqda.