Joylarda jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini eʼtiborga olgan holda binolarga nishab yoʻlaklari (pandus) barpo etildi. Shuningdek, viloyat boʻyicha 22 ta saylov uchastkalarida saylov jarayonlari onlayn uzatilib borishga tayyorlandi.

Saylov uchastkalarida Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ni tarqalishi xavfini oldini olish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma asosida ishlar tashkil etilmoqda.

Komissiya aʼzolari, saylovchilar, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari himoya va profilaktika vositalaridan foydalanadi.

Maʼlumki, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida, yaʼni 2021-yil 14-oktyabrdan boshlandi va saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladi.

Saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanadi.

Toshkent viloyatidagi saylov uchastkalarida barcha sharoitlar yaratilib, yetarli saylov byulletenlari bilan taʼminlangan. Xususan, birinchi kun natijalari boʻyicha 243 ta saylov uchastkasida jami 625 nafar saylovchi oʻzi tanlagan nomzodga muddatidan oldin ovoz berdi.

Gulchehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri