Toshkent viloyatida daraxt kesilishi oqibatida tabiatga qariyb 500 mln soʻmlik zarar yetkazildi

    Yashil sayyora 5 May 2025 547

    Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida ushbu holat aniqlandi.

    Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatda aks etgan Chirchiq shahri 4-kichik nohiya hududida noqonuniy daraxt kesgan fuqaro B.R hamda uni yuklab olib chiqib ketayotgan yuk avtomobil haydovchi M.A dan belgilangan tartibda tushuntirish xatlari olingan hamda transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

    Huquqbuzarlar “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida“gi Qonun talablarini buzganligi sababli Vazirlar Mahkamasining “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida“gi 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan hisob-kitob qilinganda oʻsimlik dunyosiga 490 500 000 (toʻrt yuz toʻqson million besh yuz ming) soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.

    Hozirda huquqbuzarlar harakatiga huquqiy baho berilishi uchun joriy yilning 24-aprel kuni toʻplangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborilgan.