Xususan, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga keltirilgan eng zamonaviy uskunalar bu yerga najot istab kelayotgan bemorlarning joniga oro kirmoqda.

Piskentlik Mavjuda Qurbonovaga “oʻng buyrakning ikkilamchi bujmayishi, funksiyasi yoʻq oʻng buyrak” tashxisi qoʻyilgan edi. Viloyatda ilk bor videoartroskop va videolaparoskop uskunasi qoʻllanilib, M. Qurbonovaning “Oʻng tomonlama laparoskopik nefrektomiya” jarrohligi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Jarrohlik Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi mutaxassisi Shojasur Imomov hamda tibbiyot markazi urolog shifokori Abduvohid Sultonov bilan birga amalga oshirildi.

90 daqiqa davom etgan jarrohlik amaliyoti davomida qon ketish minimal darajada boʻldi. Bunday natijaga ultratovushli skalpeldan samarali foydalanish evaziga erishildi.

Bu kabi murakkab jarrohlik jarayonida sohaning malakali mutaxassislari oʻz taj­riba va mahoratlarini namoyon eta oldilar, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.