Toshkent viloyatida qizlar mashinadan tanasini chiqarib, xavfli harakatlar qildi

    Haydovchi maʼmuriy javobgarlikka tortildi, muddatidan oʻtgan 5 ta qoidabuzarlik yuzasidan undirilmagan jarimalar borligi ham aniqlandi.

    Boʻstonliq tumanidagi togʻ yoʻlida harakatlanayotgan avtomobildan qizlar harakat vaqtida tanalarini oynadan chiqarib, xavfli harakatlar qilgani aks etgan video tarqalgandi.

    Mazkur video yuzasidan viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Jamoat xavfsizlik boshqarmasi, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan qidiruv-surishtiruv olib borildi. Natijada ushbu holatni Toshkent shahrida yashovchi 1993-yilda tugʻilgan ayol fuqaro tomonidan mashina boshqarayotgan vaqtda sodir etilgani aniqlangan.

    Holat boʻyicha yoʻlovchilarning hayotini xavf ostiga qoʻyib, ularning tana qismini mashinadan chiqarib harakatlanishiga yoʻl qoʻygani uchun haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-5-moddasiga koʻra, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    Shuningdek, transport vositasini muddatidan oʻtgan 5 ta qoidabuzarlik yuzasidan undirilmagan jarimalar borligi aniqlanib, avtomobil vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan. Hozirda xavfli harakatlarni amalga oshirib, qoidabuzarlik sodir etgan 2 fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.