BAAning “Abu Dhabi Sustainable Water Solutions” (SWS) kompaniyasi, Investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ rahbariyati zamonaviy oqova suv tozalash inshooti qurish borasida dastlabki kelishuvni imzoladi.
Inshoot Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida qurilishi koʻzda tutilgan boʻlib, sutkasiga 1 million m³ oqova suv tozalaydi. Shu bilan birga 42 kilometrli oqova suv kollektorlari ham parbo etiladi.
Loyiha “Abu Dhabi Sustainable Water Solutions” (SWS) va uning texnologik hamkorlari sifatida tanlangan SUEZ (Fransiya) va Marubeni (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi.
Loyihaning afzalligi shundaki, unda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish natijasida, oqova suv tozalash jarayoni samaradorligi yanada oshirilishi va resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish taʼminlanadi. Yaʼni 10 mln kVtdan koʻproq elektr energiya iqtisod qilinishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, ushbu loyiha nafaqat texnik infratuzilmani rivojlantiradi, balki Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi sanitar-epidemiologik va ekologik holatni yaxshilaydi.
Taʼkidlash joizki, loyihaning amalga oshirilishi natijasida 1,5 millionga yaqin aholining oqova suv xizmati yaxshilanadi va 500 mingdan ortiq aholi hamda yuzdan ortiq korxona-tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan taʼminlanadi.
Maʼlumot uchun: “Abu Dhabi Sustainable Water Solutions” (SWS) BAAdagi oqova suvlarni yigʻish, tozalash va qayta ishlatishning yagona tashkilotchisi hisoblanadi.
Kompaniya tomonidan har kuni 1 341 000 m3 dan ortiq oqova suv 200 dan ortiq nasos stansiyalari va 42 ta tozalash stansiyalari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan 12,000 km uzunlikdagi keng tarmoq orqali yigʻiladi.