Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Belarus Respublikasi Sport va turizm vazirligi rahbariyati hamda ikki mamlakat sayyohlik biznesi vakillari ishtirok etishdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov belaruslik hamkorlarni O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va imkoniyatlarini yaratish, amalga oshirilayotgan ishlar, dam olish joylari, gastronomiya, hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek respublikada sayyohlarning qulay yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.
Forum ishtirokchilari sanitarik-epidemiologik xavfsizlikning yangi, eng yuqori va ilg‘or xalqaro standartlarga javob beruvchi «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» ("O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan") tizimi asosida chet ellik mehmonlar, xususan Belarusdan keluvchi sayyohlar O‘zbekistonda xavfsiz qolishlarini ta’minlash bo‘yicha respublikada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.
Belarus Respublikasi sport va turizm vazirining o‘rinbosari Mixail Portnoy Belarus xalqi O‘zbekistonni yaqindan bilishini ta’kidlab, ikki mamlakatning turizm sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda sayyohlar almashinuvining pandemiya davrigacha bo‘lgan darajasini eng qisqa vaqt ichida tiklashga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Mixail Portnoy Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida tibbiyot va dam olish turizmini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan u ikki mamlakatning eng so‘lim dam olish maskanlari, sanatoriy va shifoxonalarini birgalikda targ‘ib qilishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Ishbilarmon doiralar, turoperatorlar va O‘zbekiston-Belarus turizm sanoatining boshqa sub’ektlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yalpi muhokamasi davomida to‘liq tajriba almashish va turistik sayohatlarni tiklash, yagona sayyohlik mahsulotini yaratish hamda qo‘shma turlarni tashkil etishga doir takliflar muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Belarus tomoni ma’ruzachilari Belarus Respublikasining Turizm sanoati ittifoqi raisi Filipp Guliy va Belinturist "Sentrkurort" davlat muassasasi rahbari Aleksey Strelchenko sog‘liqni saqlash turizmi, golf, tennis va boshqa sport turlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanligini ta’kidlashdi.
Forum yakuniga ko‘ra, tomonlar turizm sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik uchun huquqiy asoslarini mustahkamlash, sayyohlik almashinuvini oshirish uchun yaqin hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, Yevropa va Osiyodan keluvchi sayyohlar uchun ikki yo‘nalishda jumladan, O‘zbekiston va Belarusga aralash turlar tashkil ustida ishlashga kelishib olishdi.